Toshkent Shimoliy vokzalidagi pochta binosida yuz bergan yong‘in tafsilotlari ma'lum qilindi
5 fevralga o‘tar kechasi «O‘zbekiston pochtasi»ning Toshkentdagi Shimoliy vokzalga yondosh hududda joylashgan xalqaro filialida yuz bergan yong‘in tafsilotlari ma'lum qilindi. Bu haqda «Darakchi.uz» sayti Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Po‘latovga asoslanib, xabar bergan.
«Kecha tungi soat 23:00da Shimoliy vokzal yondosh hududida joylashgan «O‘zbekiston pochtasi» AJga qarashli xalqaro filialda kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Voqea joyiga tezkorlik bilan 12ta o‘t o‘chiruvchi mashina safarbar etildi. Hodisa oqibatida 900 kv. metr joy yongan. 2000 kv. metr hudud saqlab qolindi. O‘t o‘chiruvchilarning tezkorligi sabab ertalabgacha ham o‘chirishning imkoni bo‘lmagan joyni yigitlar tez fursatlarda o‘chirganini alohida ta'kidlash lozim. Yong‘in soat 00:44da to‘liq bartaraf etildi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘in qisqa tutashuv oqibatida yuzaga kelgan. Hozirda surishtiruv-tergov ishlari boshlab yuborilgan», deydi axborot manbasi.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligi aytilgan.
Toshkent Shimoliy vokzalidagi pochta binosida yong‘in sodir bo‘ldi