Jahon | 15:30 / 08.02.2016
6827
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston bosh prokuraturasi davlat to‘ntarilishiga urinish dalili bo‘yicha tergovlarni tamomladi

Tojikiston bosh prokuraturasi respublikada davlat tuzumini o‘zgartirishga urinish dalili bo‘yicha olib borilgan tergov jarayonini yakunlab, to‘plangan materiallarni dastlabki ko‘rib chiqish uchun mamlakat Oliy sudiga taqdim etdi. Bu haqda dushanba, 8 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida harbiy prokuror, tergov guruhi rahbari Safarali Mirzozoda ma'lum qildi.

“199 nafar ayblanuvchiga nisbatan barcha materiallar dastlabki ko‘rib chiqish uchun Tojikiston Oliy sudiga taqdim etildi”, - dedi Mirzozola. Uning so‘zlariga ko‘ra, sentabr oyida respublika Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Abduxalim Nazarzoda boshchiligida bo‘lib o‘tgan isyonlarda ishtirok etganlikda gumon qilingan yana 40 kishi xalqaro qidiruvga berilgan.

Uning ta'kidlashicha, tergov jarayonlari mamlakat milliy xavfsizligiga aloqador masalalar ko‘pligi bois “maxfiylik” muhri ostida o‘tkazilgan. TASS muxbirining ta'kidlashicha, birinchi sud hukmi 9 fevral kuni yopiq tartibda bo‘lib o‘tadigan majlisda chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, 4 sentabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahri va unga tutash Vaxdat tumanida qurolli bosqinchilik uyushtirilgan edi. Uning oqibatida 9 militsiya xodimi halok bo‘ldi va katta miqdorda qurol yarog‘ o‘g‘irlandi. Huquqni himoya qilish organlari mazkur jinoyatda sobiq Mudofaa vaziri o‘rinbosari, general-mayor Abduhalim Nazarzodani ayblashdi.

Hukumat xabariga qaraganda, Abduhalim Nazarzoda yuzdan ortiq xodimlarni o‘z tomoniga og‘dirgan va qo‘l ostidagi harbiy qismlardan qurol-yarog‘ o‘g‘irlab, Romit tog‘ darasiga yashiringan. 16 sentabrda nihoyasiga yetgan maxsus amaliyotlar natijasida jami 30 nafar Nazarzoda guruhi jangarilari yo‘q qilingan, 100 nafari hibsga olingan.