O‘zbekiston davlat san'at muzeyida “Buyuk tafakkur sohiblari” nomli ko‘rgazma ochildi
O‘zbekiston davlat san'at muzeyida g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun munosabati bilan “Buyuk tafakkur sohiblari” nomli ko‘rgazma ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi ma'sul xodimlari, shoirlar, adabiyotshunos olimlar va talabalar ishtirok etdi.
Anjumanda so‘z olganlar ikki buyuk shaxsning dahosi va ular qoldirgan boy adabiy meros millat ma'naviyatini yuksaltirishda beqiyos ahamiyatga ega ekanini ta'kidlashdi. O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyorlari Behzod Muhammadkarimov va Madina Muxtorova ijrosidagi sahna ko‘rinishi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Anjumanda yangragan Navoiy hamda Bobur g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar ko‘ngillarga xushnudlik bag‘ishladi.
Shundan so‘ng, ko‘rgazma rasman ochildi. Unda tarixiy realizm janrida yaratilgan, hozirda muzeyda saqlanib kelayotgan Chingiz Axmarov, Javlon Umarbekov, Temur Sa'dullayev, Baxtiyor Bobayev kabi taniqli rassomlarning asarlari namoyishga qo‘yilgan. Rassomlar ikki buyuk siymoning moddiy va ma'naviy olamini chuqur o‘rganib, ular yashagan davrni ifodalashga harakat qilishgan. Shuningdek, ko‘rgazmaga kelganlar XV-XVI asrlarga oid turli eksponatlar bilan ham tanishishlari mumkin. Eslatib o‘tamiz, “Buyuk tafakkur sohiblari” nomli ko‘rgazma bir oy davom etadi.