Farg‘onalik fermer quyoshdan energiya olmoqda
2013 yilning 1 martida “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni e'lon qilingandi. Unga muvofiq, Respublikaning barcha mintaqalarida muqobil energiya manbalaridan foydalanish borasida bir qator amaliy ishlar qilinmoqda.
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Povulg‘on bo‘stoni” fermer xo‘jaligida ham quyosh panellari yordamida energiya olinayapti. “Bu, ayniqsa, tog‘li hududlar va qir-adirlarda bog‘dorchilik, sabzavotchilikni rivojlantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi”, deb xabar beradi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda ko‘chatlar quyosh panellari yordamida quduqdan chiqarilayotgan suv bilan sug‘orilmoqda. Elektr va suv ta'minotidagi uzilishlar bartaraf etilgan va hosildorlik ham oshgan. Fermer xo‘jaligi rahbari Dilshod Oxunjonovning ta'kidlashicha, bu yil fermer xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish usuli ham yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, joriy yilda viloyat hududida 2 ta biogaz qurilmasi, 1 ta energiya tejaydigan nasos hamda suv isitish kollektori qurilishi rejalashtirilgan.