Jamiyat | 18:54 / 18.03.2016
2645
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentlik izquvar “mashhur” firibgarni qanday etib fosh qilganini hikoya qilib berdi

Toshkent shahar, Olmazor tumani IIB JQ va UJQKB tezkor vakili, mayor Abduxalil Valiyev bir necha kishidan firibgarlik yo‘li bilan katta miqdorda pul olib, o‘zlashtirib yuborgan va odamlardan yashirinib yurgan Toshkent shahri, Olmazor tumanida yashovchi Yunusni (ismi o‘zgartirilgan) qanday etib fosh etgani haqida aytib berdi. Bu haqda “Postda” nashri yozmoqda.

“Bir safar uning uyiga borganimizda Yunusning otasi bizni xushlamay kutib oldi”, — deb hikoya qiladi izquvar. — “O‘g‘lining qayerda ekanligini so‘raganimizda bir oydan beri Dubayda ekanligini aytdi. Zimdan kuzatsam, stoldagi kuldonda ikki xil sigaretning qoldig‘i turibdi. Oilada choldan boshqa kampiri, kelini va nevarasi bor. Ular sigaret chekmaydi, albatta. Hamkasblarimga xonalarni ko‘zdan kechirishlarini aytib, o‘zim hammomga kirdim. U yerda yigitlarning ichki kiyimi va shippagi ham bor edi. Yunusning uyda ekanligiga shubha qolmadi.

Hashamdor uyning tagida yerto‘la ham bor ekan. O‘sha yerga kirdim. Odatda yerto‘laning devorlari oddiy suvoq qilib qo‘yilardi. Bu yerto‘laniki esa taxtadan qoplanib, yaltiroq lak bilan bo‘yalgani diqqatimni tortdi. Sinchiklab qarasam, kichkina kesilgan iz ko‘rindi. Qattiqroq turtgandim, ichkariga ochildi. Undan ichkari ikkita yo‘l bor ekan. Bir tomoni yorug‘, ikkinchi tomoni qorong‘i. Keyin yorug‘ tomonga ketgan yo‘l bo‘ylab emaklagandim, zinaga duch keldim. Yerto‘la tagida yana bir yerto‘la bor ekan. Atrofni yaxshilab ko‘zdan kechirsam, zina tagida bir kishi yotibdi. Bu Yunus edi”.

Firibgar qonun oldida javob bergan.