Jahon | 10:22 / 07.04.2016
2030
3 daqiqa o‘qiladi

Panama prezidentining fikricha, ofshor mojarosi ko‘plab davlatlar muammosi hisoblanadi

Panama rahbari Xuan Karlos Varela o‘z xalqiga murojaatida bayonot berishicha, Mossack Fonseca yuridik firmasining ma'lumotlari oshkor bo‘lishi bilan bog‘liq mojarolar, faqat Panamaning muammosi emas.

Uning aytishicha, ko‘plab davlatlarning moliyaviy va huquqiy tuzilmalari hanuzgacha davlat mablag‘laridan fuqarolarning umumiy manfaatlaridan boshqa maqsadlarda foydalanishga imkon berar ekan, ushbu masala barcha davlatlarga tegishli bo‘lib qolaveradi.

Varelaning ta'kidlashicha, buni «Panama hujjatlari» deb atash noto‘g‘ri. Chunki, «jiddiy va mas'uliyatli hukumatlar» xalqaro majburiyatlarini OAV yordamida emas, balki diplomatlar vositasida muhokama etishadi.

Shu boisdan ham, mamlakat rahbariyati ushbu masala bo‘yicha barcha manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilishga tayyor.

U, shuningdek, barcha davlatlarni muammoni hal etish uchun diplomatik yo‘llardan foydalanishga hamda o‘zaro hurmat prinsiplariga qat'iy rioya qilishga chaqirgan.

Bundan avval, davlat rahbari "Panama ishi" bo‘yicha maxsus ekspertlar guruhini tuzishga va'da bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, OCCRP, ICIJ va dunyoning yetakchi nashriyotlarining o‘nlab jurnalistlaridan iborat guruh, 3 aprel kuni davlat rahbarlari, siyosatchilar, sportchi va madaniyat arboblarining ofshor bitimlariga aloqasiga oid ma'lumotlarni oshkor qilgan edi.

Ushbu ro‘yxatdan, Rossiya prezidenti V. Putin atrofidagi kishilar, Ukraina prezidenti P. Poroshenko, Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron, Islandiya bosh vaziri Sigmyundyur Gyunnleygsson, Jyeki Chan, Lionel Messi va boshqalarning ismi-shariflari o‘rin olgan.

Aytish joizki, «Panamageyt» jahon siyosatiga o‘z ta'sirini ko‘rsata boshladi. Xususan, Islandiya bosh vaziri lavozimidan iste'fo bergan bo‘lsa, Buyuk Britaniya, AQSh, Niderlandiya, Avstriya, Germaniya, Hindiston va Ukrainada ushbu ma'lumotlar asosida tekshiruvlar boshlab yuborildi. O‘z navbatida, Rossiya ma'muriyati, o‘z xizmatchilari va deputatlarining ofshor kompaniyalarga aloqadorligini bo‘hton sifatida baholab, Kreml bunday axborotlarga e'tibor qaratmasligini ma'lum qilgan edi.