Jahon | 21:00 / 11.04.2016
1733
2 daqiqa o‘qiladi

Temir Sariyev siyosatni tark etmoqchi emas

11 aprel kuni Qirg‘iziston bosh vazirligidan iste'foga chiqqan Temir Sariyev siyosiy faoliyatini davom ettirish istagida ekanini aytib o‘tdi.

Hukumatdagi koalitsiya rahbari hisoblangan Sariyev iste'foga chiqar ekan, "ishni topshirishdan qochmasligi, biroq halol ishlagani va hech qachon tuban siyosiy fitnalarda ishtirok etmaganini isbotlamoqchiligini" aytib o‘tgandi.

"Men uchun davlat manfaatlari hamma narsadan ustun. Bu tamoyilga doim amal qilaman va barcha asossiz ayblovlarni mehnatim bilan inkor etishga tayyorman", deya ta'kidlagan sobiq vazir.

Qirg‘izistonda katta ta'sirga ega siyosiy kuch bo‘lmish "Ak-Shumkar" partiyasi yetakchisi hisoblanadigan bu siyosatchi 2005 yilgi va 2011 yilgi inqiloblar tashkilotchilari qatorida bo‘lgandi. Uning nomi 2017 yilgi prezidentlik saylovida qatnashadigan ehtimoliy nomzodlar qatorida tilga olinardi.

"Men siyosiy faoliyatimni davom ettiraman. Oldinda ko‘plab rejalar va amalga oshirilishi kerak bo‘lgan loyihalar turibdi. Hozir mamlakatdagi barcha ilg‘or kuchlar oldinga qarashi kerak... Men o‘z rejalarimni mamlakat manfaatlari bilan uzviylikka yo‘naltiraman", deydi Sariyev.

Sariyev 2015 yilning aprelida bosh vazir lavozimiga tayinlangandi.

Bir necha kun avval mamlakat transport va kommunikatsiyalar vaziri Arg‘inbek Malabayev bosh vazir va uning atrofidagilarni Baliqchi—Korumdu avtoyo‘li qurilishi tenderini o‘tkazishda Xitoy kompaniyalaridan biri manfaatlarini ko‘zlaganlikda ayblagandi. Mazkur ayblov tafsilotlarini o‘rganish uchun deputatlarning maxsus komissiyasi tuzilgan va ushbu komissiya parlamentga 13 aprel, chorshanba kuni Sariyevga ishonchsizlik bildirish masalasini qo‘yishni tavsiya qilgandi.

Parlament koalitsiyasi raisi Chininbay Tursenbekov "madaniyatli mamlakatlarda, bunday holatlarda, odatda, bosh vazir iste'foga chiqishi"ini eslatib o‘tgandi. U navbatdagi bosh vazir bo‘lish uchun asosiy da'vogar hisoblanadi.