Jahon | 18:08 / 13.04.2016
1879
1 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Suriya saylovlarini soxta deb hisoblaydi

Fransiya tashqi ishlar vazirligi Suriyadagi parlament saylovlarini Asad rejimi tashkil etgan soxtakorlik, deb baholadi. Reuters agentligining xabarlariga ko‘ra, to‘laqonli saylovlar Suriyaning yangi konstitutsiyasi qabul qilingandan keyingina o‘tkazilishi mumkin. Rasmiy Parijning nuqtai-nazari shundan iborat.

«Fransiya Bashar Asad hukumati tashkil etgan saylovlarni tanqid qiladi. Ovoz berish jarayoni tashviqotsiz bo‘lib o‘tmoqda. Bundan tashqari, saylovlar xalqaro kuzatuvchilar nazoratidan xoli», —deb qayd etgan Fransiya TIV matbuot kotibi Romen Nadal.

13 aprel kuni Suriyada 7 mingta saylov uchastkalari ochilgani, parlamentning yangi tarkibini aniqlab olish uchun ovoz berish jarayonini yoritish maqsadida, Damashqda media-markaz faoliyat yuritayotgani xabar qilingan edi.

Avvalroq, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov saylovlardan maqsad Suriyadagi qonun chiqaruvchi organ o‘rnini to‘ldirishdan iboratligini aytgan edi.