O‘zbekiston | 12:51 / 15.04.2016
3466
2 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev: Men qozoq va o‘zbek xalqi do‘stligidan faxrlanaman

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Toshkentga tashrifi doirasida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashdi.

Oq o‘rda matbuot xizmatining xabar berishicha, oliy darajadagi uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘istonning turli sohalardagi o‘zaro hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari Afg‘onistonda “Tolibon” kuchayishi, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “ShHT” davlatlari sammiti va regionlagi iqtisodiy vaziyatni muhokama qilishgan.

Qozog‘iston rahbari ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy aloqalarga urg‘u qaratgan.

"Mustaqillik yillarida biz bu aloqalarni saqlabgina qolmasdan, yanada yaqinlashdik. Bizning munosabatlarimiz amalda ortiqcha shakllarni talab etmaydi va qo‘shnichilik asosiga qurilgan. Bu muhim ahamiyatga ega. Men siz bilan do‘stligimdan va qozoq va o‘zbek xalqi do‘stligidan faxrlanaman. Maqsadimiz bu munosabatlarni o‘zaro ishonch asosida yanada mustahkamlash, kelgusi avlodga yetkazishdir. Barcha qozog‘istonliklar nomidan o‘zbek xalqiga farovonlik va muvaffaqiyatlar tilayman", degan Nursulton Nazarboyev.