CNN: Saudiya Arabistoni AQShning 750 mlrd dollarlik aktivlarini sotish bilan tahdid qilmoqda
Saudiya arabistoni AQSh prezidenti ma'muriyatini, Amerikaning o‘ziga tegishli 750 mlrd dollarlik aktivlarini sotishi bilan qo‘rqitmoqda. Ar-Riyod Obamadan, Saudiya hukumati a'zolarini 2001 yil 11 sentabr voqealariga aloqadorlikda ayblab, Amerika sudlarida javobgarlikka tortishga imkon beruvchi qonun loyihasi Kongress tomonidan tasdiqlanishiga imkon bermaslikni talab qilmoqda.
CNN telekanalining xabar qilishicha, "Pentagon va Davlat departamenti vakillari" maxfiy ravishda Amerika qonun chiqaruvchilari bilan bir necha bor uchrashib, ushbu qonun loyihasining "og‘ir iqtisodiy va moliyaviy oqibatlaridan ogohlantirishgan".
Gap shundaki, mazkur hujjat Amerika parlamenti tomonidan tasdiqlansa, Saudiya Arabistonining AQSh hududidagi barcha aktivlari muzlatiladi. Ar-Riyod esa, bevosita shunday tahdid paydo bo‘ladigan bo‘lsa, AQSh g‘aznachiligi aktivlari ham bo‘lgan mulkini shunchaki sotib qo‘ya oladi. Podshohlik TIV rahbari Adel al Jubayr o‘tgan oyda Vashingtonga qilgan safari chog‘ida Obama ma'muriyatini shundan ogohlantirgan, deb aniqlik kiritmoqda telekompaniya.
Bundan avval, Fox News telekanaliga intervyu bergan sobiq senator Bob Gremning aytishicha, AQSh prezidenti yaqin kunlarda, 2001 yil 11 sentabr teraktlariga oid surishtiruv ishlarining 28 sahifasidan "mutlaq maxfiy"likni bekor qiladi. Oshkor etiladigan ushbu hujjatlarda Saudiya podshohligining teraktlarga aloqadorligiga oid dalillar keltirilgan bo‘lishi ehtimol.
Oq uy matbuot xizmati ma'lum qilishicha, Obama 21 aprel kuni Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, podshoh Salmon bin Abdulaziz al Saud bilan uchrashadi. Shuningdek, Fors ko‘rfazi arab davlatlari kengashi sammitida ishtirok etadi.