Jahon | 08:17 / 20.04.2016
1715
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkdagi praymerizda Tramp va Klinton g‘olib bo‘ldi

Nyu-York shtatida AQSh prezidenti lavozimi uchun saylovlarda partiyalar nomidan ishtirok etuvchi yagona nomzodni aniqlash bo‘yicha birlamchi saylovlarda Donald Tramp va Xillari Klinton g‘olib bo‘ldi

Klinton saylovoldi shtabi rahbarining aytishicha, Klintonning partiya bo‘yicha raqibi Berni Sandersda joriy saylov kampaniyasida "deyarli hech qanday imkoniyat qolmadi", Klintonning Nyu-Yorkdagi muvaffaqiyati esa uning demokratlar nomidan rasmiy nomzod sifatida qo‘yilishi yo‘lida muhim "qadam" bo‘ldi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi ma'lum qildi.

Sobiq Davlat kotibi saylovlarda ishtirok etishi uchun demokratlar partiya qurultoyida 2383 delegatning qo‘llab-quvvatlovini olishi kerak. Qurultoy 25-28 iyulda Filadelfiyada bo‘lib o‘tadi. Hozirda unga 1791 delegat, Sandersga 1115 delegat ovoz bergan.

Donald Trampga esa 1237 ovoz kerak, ayni vaqtda uni 756 delegat qo‘llab-quvvatlamoqda. Respublikachilarning partiya qurultoyi Klivlendda bo‘lib o‘tadi. Trampning raqiblari senator Ted Kruz 559 ovoz, Ogayo gubernatori Jon Keysik esa 144 ovoz to‘plagan.