Jahon | 11:12 / 24.04.2016
2126
1 daqiqa o‘qiladi

Tusk: Yevropa ittifoqi Turkiyaga qochqinlar bilan bog‘liq loyihalarga 1 mlrd yevro taqdim qiladi

Yevropa ittifoqi shu yozdayoq Turkiyaga qochqinlar bilan bog‘liq bir qator loyihalarni amalga oshirish uchun 1 mlrd yevro taqdim qiladi, deb aytdi Yevropa kengashi rahbari Donald Tusk. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.

Tusk bu haqda Turkiyaning janubidagi G‘aziantep shahriga safari natijalariga ko‘ra ma'lum qildi.

"Men biror jarayonning boshlanishi qiyin bo‘lishini aytmoqchiman. Biroq bugun biz bu yerda yetakchilar bilan Turkiyada qochqinlar uchun mo‘ljallangan bir qator aniq loyihalarga 1 mlrd yevro ajratishga qaror qildik. Mablag‘lar yozda taqdim qilinadi", deb aytdi Tusk.

Avvalroq Germaniya kansleri Angela Merkel, Yevropa kengashi raisi Donald Tusk va Yevrokomissiyaning birinchi vitse-raisi Frants Timmermans Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lu hamrohligida G‘aziantepdagi suriyalik qochqinlar markaziga tashrif buyurishgani ma'lum qilingandi.