Jahon | 16:26 / 02.06.2016
18590
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya parlamenti armanlar genotsidini tan oldi

Bundestagda o‘tkazilgan ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Turkiyada 1915 yili armanlar qirg‘in qilinganini ifodalovchi armanlar genotsidi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilindi.

Hujjat "1915–1916 yillarda Usmonli saltanatida armanilar va boshqa xristian kamchiliklarning genotsidi xotirasiga" deb nomlangan.

5 sahifadan iborat bu rezolyutsiya Germaniyadagi bir nechta partiya tomonidan taqdim etilgan. Qayd etilishicha, parlament a'zolaridan faqat bir kishi bu rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan, yana bir deputat betaraf qolgan.

Germaniyada bu masalaga avval ham e'tibor qaratishgan. O‘tgan yili mamlakat prezidenti Gauk Usmonlilar davrida armanlar qirg‘in qilinishini genotsid deb atagandi.

Die Welt nashrining yozishicha, ovoz berish jarayonida Germaniya kansleri Angela Merkel, TIV rahbari Frank-Valter Shtaynmayyer va vitse-kansler Zigmar Gabriel ishtirok etishmagan.

"Birinchi jahon urushi davrida Usmonlilar imperiyasi hududida armanlarning qirg‘in qilinishi arman xalqining ming yillar davomidagi eng katta fojiasi edi", deya rezolyutsiyadan iqtibos keltiradi RIA Novosti.

Turkiya bosh vaziri GFRda armanlar genotsidini tan olish bo‘yicha ovoz berish orqali Turkiya bilan do‘stlik ham sinovdan o‘tkazilmoqda ekani haqida gapirib o‘tgandi.

U Germaniyada 3,5 mln etnik turklar yashashi, ulardan 400 ming nafari Germaniya iqtisodiyoti uchun milliardlab yevro keltiruvchi tadbirkorlar ekanini eslatib o‘tgan.

Turkiya hukumati bu rezolyutsiya qabul qilinadigan bo‘lsa, Berlindagi elchisini chaqirib olishi mumkinligini bildirgan.

Armaniston tomoni va ko‘pgina tarixchilar 1915 yilda 2 millionga yaqin arman Usmonlilar imperiyasi tomonidan o‘ldirib yuborilganini aytishadi. Usmonlilar imperiyasidagi armanlar soni Birinchi Jahon urushigacha 2,5 millionni tashkil qilgan.

Shu vaqtgacha jahondagi 22ta davlat Usmonlilar imperiyasi davrida, 1915 yildan 1922 yilgacha armanlar genotsidi amalga oshirilganini tan olgandi. Ilk bor 1965 yili Urugvay armanlar genotsidini tan olgan. Keyinroq Rossiya, Avstriya, Argentina, Belgiya, Boliviya, Kanada, Chili, Kipr, Fransiya, Gretsiya, Italiya, Livan, Litva, Niderlandiya, Polsha, Slovakiya, Shvetsiya, Shveytsariya, Vatikan, Venesuela, Lyuksemburg, AQShning 44ta shtati, Yevroparlament, Butun dunyo cherkovlari kengashi genotsidni rasman tan olishgan.

2014 yilda Fransiya senati "Usmonli sultonligi davrida arman qatliomini inkor qilganlarning jinoiy javobgarlikka tortilishi" haqidagi qonun loyihasini tasdiqlagach, Usmonlilar imperiyasi davrida arman qatliomini inkor qilgan Fransiya fuqarolari 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi ëki 45 ming yevro jarimaga tortilishi mumkin bo‘lib qoldi.

Har yili 24 aprelda dunyoda Usmonlilar imperiyasidagi armanlar genotsidi qurbonlari xotirasi qadrlanadigan kun nishonlanadi.

Turkiya 1915 yilda yuz bergan hodisalarni Usmonli sultonligining armanlarni yo‘q qilishga qaratilgan siyosati emas, balki urush oqibati deb biladi va genotsid faktini rad etadi.

2014 yilda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ilk bora halok bo‘lgan armanlar avlodlariga ta'ziya izhor qildi, biroq ayni damda Armaniston hukumatini mazkur mavzuni "siyosiy mojaro mavzusiga aylantirish"da ayblaydi.

U o‘z nutqi davomida Usmonli turklar imperiyasi hukmronlik qilgan so‘nggi yillar diniy va etnik kelib chiqishidan qat'i nazar, turk, kurd, arab, arman va boshqa millionlab fuqarolar hayotida «achinarli voqealarga boy og‘ir davr» bo‘lganini e'tirof etgan.

Shuningdek, turk tarixchilari armanilarning qurolli guruhlari o‘n minglab musulmonlarni qirg‘in qilganini ta'kidlaydi.

Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar to‘xtatilgan, davlatlar o‘rtasidagi chegara esa 1993 yilda yopib qo‘yilgan.