Jamiyat | 17:53 / 03.06.2016
16844
3 daqiqa o‘qiladi

35 farzandning otasi bo‘lgan pokistonlik 100 nafar farzandi bo‘lishini istamoqda

35 farzandning otasi bo‘lgan pokistonlik kishi to‘rtinchi xotin izlamoqda. U farzandlari sonini 100 nafarga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bugungi kunda musulmon davlatlarida poligamiya holatlari u qadar ko‘p bo‘lmasa-da uchrab turadi. 

46 yoshli Sardor Jan Muhammad Hiljiy imkon qadar ko‘p farzand ko‘rishni o‘zining burchi deb hisoblaydi.  

Uning uch ayoli erining fikrlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Sardor uchala turmush o‘rtog‘i o‘zaro kelishib ahil yashashini ta'kidladi.

Pokistonlik kishilarga islom shariati asosida to‘rttagacha xotin olishga ruxsat etiladi, buning uchun ularga avvalgi xotinlari hamda kengash rozilik berishi kerak.

"Mamlakatda ko‘p xotinlik kamayib bormoqda. Poligamiya ayollar orasida depressiya va tushkunlik holatlarini keltirib chiqarmoqda, bolalar esa hattto otasini tanishga qiynalib qolishmoqda", dedi ayollar huquqi himoyachisi Rafia Zakariya.

Otaning vafotidan keyin uning merosi masalasida ham ko‘plab muammolar yuzaga keladi.

Bu oilaning barcha vakillari notinch Belujiston provinsiyasidagi Kvetta hududida 5ta yotoqxonali uyda yashaydi.

Uning katta o‘g‘illari otasini qo‘llab-quvvatlab, buni "Allohning marhamati" deb atashdi. 13 yoshli Muhammad Esa otasiga taqlid qilib, undan o‘tib ketishni o‘ziga maqsad qilganini aytdi. 

Sardor Jan o‘zini tibbiy xodim deb tanishtirib, klinikada kishilarni "bosh og‘riq" kabi uncha jiddiy bo‘lmagan kasalliklardan davolashini bildirdi. U mijozlariga ko‘rsatgan xizmati evaziga atigi 250 rupiy (2,30 dollar) oladi, nochor bemorlarga esa tekin xizmat ko‘rsatadi. U shuningdek 400 nafar talaba tahsil oladigan, xayriya pullari hisobiga moliyalashtiriluvchi seminariyani boshqaradi.

U hech qachon moliyaviy muammolarga duch kelmaganini alohida ta'kidladi. Biroq farzandlari voyaga yetgani sayin xarajatlari ham oshib borishi mumkinligini anglab, hukumatni uning oilasiga oziq-ovqat tomondan, ta'lim sohasida va tibbiy yordam ko‘rsatishga chaqirgan.

Hukumat uning so‘rovini bajarmagan taqdirda ham u Allohga ishonchini yo‘qotmasligini aytgan.