Jahon | 17:41 / 30.07.2016
18022
2 daqiqa o‘qiladi

Qozoq-turk litseylari taqdiriga oydinlik kiritildi

Qozog‘iston fan va ta'lim vazirligi matbuot kotibi Aygerim Alibekova Facebook sahifasida, mamlakatdagi qozoq-turk litseylari yopilishi mumkinligi to‘g‘risida OAVda paydo bo‘lgan xabarlarga nisbatan ma'muriyatning rasmiy qarashini bildirdi.

"Qozog‘istondagi qozoq-turk litseylari o‘z faoliyatini davom ettiradi. Ushbu ta'lim muassasalari  (respublika bo‘ylab jami 27ta) qanday faoliyat yuritgan bo‘lsa, shunday davom etadi, ota-onalar va o‘quvchilar yangi maktab qidirishni o‘ylamasalar ham bo‘ladi", – degan u. 

Alibekovaning ta'kidlashicha, ushbu litseylarning Turkiyaga umuman aloqasi yo‘q, u yerdagi ta'lim qozoq va xalqaro ta'lim standartlari asosida olib boriladi. 

"Qozoq-turk litseylari faoliyatini nazorat qiluvchi xalqaro «KATEV» jamoatchilik fondi, o‘z vaqtida prezidentlar Nursulton Nazarboyev va Turg‘ut O‘zallarning ma'qullashi bilan tashkil etilgan edi", – deb yodga olgan vazirlik matbuot vakili. 

Uning ta'kidlashicha, "so‘nggi 3 yilda litseylar o‘quvchilari 5327 ta medal egasi bo‘lishgan, shundan 986 tasi Braziliya, AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Ruminiya, Kanada, Gretsiya, Gruziya, Germaniya va Yaponiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro fan olimpiadalarida olingan sovrinlardir. Shu bilan birga, litseylarda ta'lim beradigan 1124 o‘qituvchining 1030 nafari Qozog‘iston fuqarosi (91,7 foiz), 94 o‘qituvchi Turkiya fuqarolari (8,3 foiz)dir".

Mavzuga oid