Jamiyat | 17:00 / 05.08.2016
23377
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston internet eng qimmat bo‘lgan davlatlar beshligida qayd etildi

«Aloqada bo‘l» internet-loyihasi tahlilchilari nima uchun internet haqi turli davlatlarda har-xil baholanishini o‘rganishdi. Ular dunyoning YaIM hajmi eng katta bo‘lgan 100 mamlakatida simli internet tariflari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazishdi. Buning uchun har bir davlatning eng old ikki yetakchi-operatorlaridagi narxlar asos qilib olingan.

Misol uchun, Rossiyadan «Rostelekom» va «ER-Telekom» olingan bo‘lsa, Ispaniyadan — Telefonica/Orange, Germaniyadan esa — T-Mobile (Deutsche Telekom) va Vodafon.

Internet uchun to‘lov narxlari 2016 yil 27 iyul holatiga ko‘ra AQSh dollari kursiga o‘girilgan.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalari esa O‘zbekiston Efiopiya, Angola, Myanma va Turkmaniston davlatlari bilan bir qatorda internet eng qimmat bo‘lgan mamlakatlar beshligidan o‘rin olganini ko‘rsatgan.

«O‘zbekistonga to‘xtaladigan bo‘lsak, tadqiqotlar mobaynida ko‘rsatilgan narxlar, bizning nazarimizda birmuncha oshirilgan. Bir nechta provayderlar ma'lumotiga ko‘ra (Uzonline, TPS, Sarkor Telecom tarif rejalari tahlilda ko‘rib chiqilgan) o‘rtacha hisobda Internet narxi oyiga 80 dollarni tashkil qiladi», — deya xabar qilgan analitiklar.

Loyiha mualliflari bu yerda muammo tezlikda ekanligini aytishgan.

«Xalqaro tadqiqot davomida tezligi soniyasiga 10dan 100 Mbitgacha bo‘lgan, cheklovlarsiz trafikka ega internet tariflari asos qilib olingan edi. O‘zbekistondagi mahalliy provayderlar o‘z abonentlariga bunday tezlikka ega bo‘lgan limitsiz tariflarni taqdim etmas ekan. Mahalliy «internetchilarning» o‘z abonentlari uchun yetkazib bera olishlari mumkin bo‘lgan eng maksimal tezligi — soniyasiga 10 Mbitni tashkil qiladi, xolos», — deb yozilgan xabarda.

Internet eng qimmat bo‘lgan mamlakat  Efiopiya ekani ma'lum bo‘ldi — oyiga 198 dollar. Ukraina esa internet eng arzon mamlakat sifatida qayd etildi — oyiga 3,44 dollar. Simli internet arzon bo‘lgan davlatlar ro‘yxatining 2-o‘rnini esa Rossiya egalladi (oyiga 5,55 dollar).

Internet eng qimmat bo‘lgan mamlakatlar beshligiga Efiopiyadan tashqari Turkmaniston (169 dollar), Angola (166 dollar), Myanma (150 dollar) va O‘zbekiston (144 dollar) kiritilgan.