Jahon | 11:03 / 19.08.2016
7590
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Yaponiya mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy byudjyetni tayyorlamoqda

Yaponiya hukumati 2017-moliya yilida mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy byudjyetni taklif etmoqda. Xususan, unda Shimoliy Koreya ballistik raketalaridan himoya vositalarini kuchaytirish uchun xarajatlar, Janubiy-Xitoy dengizidagi tortishuvli orollarda Xitoyga qarshi turish uchun suvosti kemasini barpo etish ko‘zda tutilgan, deb xabar qilmoqda NHK telekanali. 

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, 2017-yilgi harbiy xarajatlar 2,3 foizga ko‘tarilib, 5,16 trillion iyen (taxminan 51,6 milliard dollar)ga yetadi. Tahlilchilar, Yaponiya harbiy xarajatlarining o‘sishini KXDR raketa sinovlari bilan bog‘lashmoqda. 

NHK telekanalining xabar qilishicha, "Petriot" (PAC-3) ballistik raketalar majmuasi hisobiga raketa hujumlaridan mudofaa tizimini kuchaytirish uchun 105 milliard iyen (1,05 milliard dollar) sarflanadi. 

Bundan tashqari, Yaponiya birinchi marta Amerikaning eng yangi SM-3 Block IIA boshqariluvchi zenit raketalarini sotib oladi. U, ming km balandlikkacha ucha oladi. Ularni "Ijis" (Aegis) tizimiga ega harbiy kemalarda joylashtirish ko‘zda tutilgan.

"Nixon keydzay" ("Nikkey") gazetasining yozishicha, shu yilning kuzida raketalar Havayi orollari chekkasida sinovdan o‘tkaziladi. 2017-yildan ularni ishlab chiqarish boshlanadi. 

Yaponiyada ishlab chiqariluvchi suvosti kemasi bortiga, "Sankey simbun" gazetasi xabariga binoan, 300 km uzoqlikka ucha oladigan raketa o‘rnatiladi. Kema, 2023-yili Senkaku mojaroli arxipelagiga yaqin joylashgan Okinava prefekturasi Miyako orolida harbiy navbatda turadi. 

Shu bilan Yaponiya Senkaku arxipelagi atrofidagi tortishuvli orollar borasida o‘z pozitsiyasini kuchaytirish niyatida. Tokio va Pekin ma'muriyatlarining o‘zaro hududiy da'volari, 2012-yili yapon hukumati Xitoy o‘ziniki deb hisoblovchi 5ta oroldan 3tasini xususiy shaxsdan sotib olgach, keskinlashgan edi. Yaponiyada yangi moliya yili 2017-yil aprelidan boshlanadi. 

2018-yilgacha Yaponiya mudofaa salohiyatini kuchaytirish dasturiga ko‘ra, yiliga harbiy xarajatlar hajmini 0,8 fozga oshirish rejalashtirilgan. Umuman, Yaponiya hukumatiga Sindzo Abe qaytgach, mamlakat mudofaa xarajatlari orta boshladi.

Mavzuga oid