O‘zbekiston | 18:16 / 03.09.2016
114322
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Samarqandda dafn etildi

Samarqand shahri markazidagi qadimiy Registon maydonida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bilan vidolashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda ishtirok etish uchun Islom Karimovning tug‘ilib-o‘sgan shahriga O‘zbekistonning davlat, jamoatchilik va diniy arboblari, shuningdek, bir qator mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarning yuqori lavozimli vakillari tashrif buyurdi.

Tillakori masjidida marhumga janoza namozi o‘qildi. Janoza O‘zbekistonning bosh muftiysi Usmonxon Alimov tomonidan o‘qildi. Mamlakat telekanallarida marosimdan lavhalar efirga uzatildi.

Marosimda Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani, Qozog‘iston bosh vaziri Karim Masimov, Qirg‘iziston bosh vaziri So‘ronboy Jyeyenbekov, Gruziya bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili, Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif, BAA davlat vaziri Rashid bin Ahmad bin Fahad, MDH ijrochi kotibi Sergey Lebedev va boshqalar ishtirok etdi.

Janoza namozi o‘qilganidan so‘ng Samarqandning minglab aholisi va mehmonlari ishtirokidagi marosim O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov musulmonchilik rasm-rusumlariga binoan dafn etilgan Shohi Zinda majmuasida davom ettirildi.

Shundan so‘ng, marhumning tanasi 21 metrlik kafanga o‘rab sag‘anaga qo‘yildi. Sag‘anani prezidentning yaqin kishilari qo‘lda ko‘tarib Registon maydonidan Shohi Zinda qabristonigacha olib borishdi.

Islom Karimov, uning ota onasi va akalari ko‘milgan Hazrati Hizr qabristoniga dafn etildi.

Bungacha 3 sentabr tongida Toshkent shahri aholisi O‘zbekiston respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimovni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun ko‘chalarga chiqib, u bilan vidolashgandi.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti tobuti o‘rin olgan kortej so‘nggi bor Toshkent ko‘chalari bo‘ylab o‘tib aeroportga yetkazildi, u yerdan esa samolyot tobutni olib Samarqandga uchdi.

Mamlakatda 3 kunlik motam e'lon qilingan.

Mavzuga oid