Jahon | 20:52 / 07.10.2016
5448
2 daqiqa o‘qiladi

Anqara Bag‘dodning Iroqda turk qo‘shinlari borligi haqidagi aybloviga javob berdi

Foto: Global Look Press

Anqara Iroq hukumatining mamlakat shimolida turk qo‘shinlari borligi haqidagi bayonotlarini xavfli va ig‘vogar deb hisoblashini aytdi. Bu haqda 7 oktabrda Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim aytib o‘tdi.

Iroq parlamenti 4 oktabrda turk qo‘shinlarining Mo‘sul yaqinidagi Bashik tumanida borligiga qarshi norozilik bildirilgan rezolyutsiyani qabul qildi. Iroq parlamentchilari hukumatdan ushbu holat yuzasidan tegishli huquqiy va diplomatik choralarni qabul qilishni talab qilganlar.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi bu rezolyutsiyani qoralagan. 6 oktabrda Yildirim turk harbiylari Iroq shimolidagi Bashik lagerida qolishda davom etishlarini aytgan. O‘z navbatida, Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy turk harbiylari Iroqda o‘zlarini xuddi uylaridek tutmasliklari kerakligini aytgan.

"Bizning harbiylar Iroqda o‘z xizmatlarini o‘tamoqdalar, IShIDga qarshi kurashmoqdalar. U yerda yana 60 ta davlat vakili bor va ularning Iroq bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Shuning uchun Iroqning turk harbiylari borligi haqidagi bayonoti xavfli va ig‘vogardir. Bizning harbiylar u yerga bugun borganlari yo‘q. Ular u yerda uzoq vaqtdan beri borlar va juda muhim ishni bajarmoqdalar. Bizning zimmamizda mintaqada tinchlikni o‘rnatish uchun javobgarlik turibdi. Iroq hukumati yaxshisi o‘z e'tiborini terrorchilikka qarshi kurashga qaratsin va buning uchun nimadir qilsin", deb aytdi Yildirim jurnalistlarga.

 

Mavzuga oid