Bojxona nazoratidan o‘tish vaqti 4,7 barobar qisqardi
Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2016 yilning 2 yarim yilligi uchun “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga muvofiq “Bojxona organlari tomonidan Internet tarmog‘i orqali ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar” mavzusida videokonferensiya tarzida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda nafaqat markaziy ommaviy axborot vositalari, balki videoaloqa vositasida mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etishdi.
Tadbirda jurnalistlarga Davlat bojxona qo‘mitasining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish boshqarmasi boshlig‘i, bojxona xizmati polkovnigi A.Saidov mavzu yuzasidan ma'ruza qildi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasida “bojxona posti – hududiy bojxona boshqarmasi – Davlat bojxona qo‘mitasi” zanjiri bo‘yicha axborotlarni real vaqt miqyosida yig‘ish, nazorat va tahlil qilish, qayta ishlashga mo‘ljallangan bir qator tizimlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilingan. Bir-biriga integratsiyalangan mazkur tizimlar ish faoliyatida Davlat bojxona qo‘mitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimlari (YaAAT) deb yuritiladi va mazkur tizim orqali bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunga kelib bojxona organlari faoliyatiga jami 35 ta avtomatlashtirilgan axborot tizimlari joriy etilgan, shundan 22 tasi davlat axborot tizimi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, qolganlari ichki idoraviy axborot tizimlari hisoblanadi. Ushbu axborot tizimlarining yaxlit majmuasi bojxona to‘lovlari undiruvchanligini oshirish, rasmiylashtiruv jarayonlarini soddalashtirish, tovar va transport vositalari ustidan bojxona nazoratini tashkil etish, ehtimoliy xatoliklarning oldini olish va TIF qatnashchilariga qulayliklar yaratishda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirkorlik subektlariga bojxona rasmiylashtiruviga doir bir qator yengillik va qulayliklar yaratish maqsadida DBQ veb-saytida hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 16 turdagi interaktiv xizmatlar amaliyotga joriy etilgan.
Raqamlarga murojaat qilsak, 2013 yilda tadbirkorlar tomonidan 1 mlrd. 229 mln. so‘m miqdorida mablag‘ bojxona yuk deklaratsiyalarining qog‘oz blankalariga sarflangan bo‘lsa, 2014 yilda boshlab bu yo‘nalishdagi harajatlariga barham berildi. Shuningdek, import tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni 8,5 kundan 1,8 kunga, yoki 4,7 martaga qisqardi. Hujjatlarini elektron taqdim etish natijasida tadbirkorlar tomonidan har yili 60 tonnaga yaqin qog‘oz iqtisod qilinmoqda.
2013 yilda jami bojxona yuk deklaratsiyalarining 39,2 foiz elektron tarzda taqdim etilgan bo‘lsa, 2016 yil 9 oyligida bu ko‘rsatkich 99,9 foizga yetdi.
Eng ommalashgan interaktiv xizmat turlaridan biri bu – tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari tomonidan tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha ma'lumotlarni elektron shaklda taqdim qilish bo‘lib, tadbirkorlar endilikda shartnoma va boshqa tegishli hujjatlarni bojxona postiga qog‘oz ko‘rinishida olib kelishlariga hojat qolmadi. Raqamlarga murojaat qilsak, 2015 yilda jami shartnomalarning 99,9 foizi ya'ni 137 000 dan ortiq shartnoma va ularga qo‘shimcha bitimlar elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Joriy yilning 9 oyida esa bu ko‘rsatkich 76,7 mingdan oshdi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan ICTWEEK Uzbekistan 2016 Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xaftaligi natijalariga ko‘ra, Davlat bojxona qo‘mitasi Davlat interaktiv xizmatlarini joriy etish nominatsiyasi bo‘yicha respublikada 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tadbirda bu yo‘nalishda kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan reja va loyihalar yuzasidan ham axborotlar berildi. Anjuman davomida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.
Mavzuga oid
17:40 / 14.11.2024
Buxoro amirligi davriga tegishli qadimiy tangalarni olib chiqib ketishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi
23:41 / 13.11.2024
O‘zbekistonga 245 mln so‘mlik qo‘l soatlar va zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tishga uringan shaxslar to‘xtatildi
17:56 / 06.11.2024
Tezkor qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari bojdan ozod qilindi
12:37 / 05.11.2024