Jamiyat | 16:49 / 28.10.2016
11817
12 daqiqa o‘qiladi

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi tashkil etilganiga bir yil to‘ldi

Foto: uzpse.uz

O‘zbekiston dunyoda paxta tolasini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Mustaqillik yillarida paxta sanoatini rivojlantirish, xom ashyo yetishtirish hajmini oshirish va sifat ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash borasida oqilona siyosat olib borilayotgani mamlakatimiz paxta bozorida mustahkam o‘rin egallashida muhim omil bo‘ldi, albatta.

Natijada O‘zbekiston ishonchli hamda barqaror ravishda paxta tolasi ishlab chiqaruvchi davlatga aylandi, jahon bozorida narx o‘zgarishlariga qaramasdan, o‘zining yuqori sifati bilan ajralib turuvchi paxtani yetkazib berish kafolatlangan hamkor mamlakat sifatida dunyoga tanildi.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston paxta ishlab chiqarish bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida 6-o‘rinda, paxta tolasi eksporti bo‘yicha esa 5-o‘rinda turadi. Bu mamlakatda sohani tubdan isloh qilish, yangi texnologiyalarni jalb qilish, paxtaning yangi navlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy ifodasi, deyish  mumkin.

Aytish kerakki, 2015 yil oktabr oyida “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining tashkil etilishi sohani yanada ravnaq toptirish, bozor munosabatlari va korporativ boshqaruv usullarini takomillashtirishda mustahkam qonuniy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Kompaniya zimmasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, o‘tgan bir yil mobaynida miqyosi va ko‘lami jihatidan katta ishlarni amalga oshirishga erishdi. Paxta bozori kon'yunkturasida tizimli marketing tadqiqotlarini olib borish, ishni kompleks tashkil qilishda yagona siyosatni amalga oshirish, paxta xomashyosini fermer xo‘jaliklaridan qabul qilib olish hamda qayta ishlash, uning ishlab chiqarish hajmini oshirish va sifat ko‘rsatkichlarini takomillashtirish, mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, sanoatni yanada rivojlantirish uchun investitsiyalarni keng jalb etish, savdo aloqalarini mustahkamlash va eksport geografiyasini kengaytirish shular sirasiga kiradi.

Bu vazifalarning ijrosida, aytish joizki, “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi tarkibidagi paxtani qabul qilish va qayta ishlashga yo‘naltirilgan “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, paxta tolasini saqlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi “O‘zpaxtaeksport” aksiyadorlik jamiyati, chigitni qayta ishlash va paxta yog‘ini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “O‘zpaxtayog‘” aksiyadorlik jamiyati hamda muhandislik va texnologiya, sanoat uchun innovatsion yechimlar ishlab chiqishga yo‘naltirilgan “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyatining alohida o‘rni bor.

Bugungi kunda “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi  yuqorida qayd etilgan maqsadlardan kelib chiqib, yaqin istiqbolda bir qator muhim masalalarning yechimini topish choralarini  ko‘rmoqda. Avvalo, tanlangan g‘o‘za navlarini ekish tizimini yanada takomillashtirish hisobiga tolaning sifatini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratiladi. Ayniqsa, jahon paxta bozorida dolzarb sanalgan birlamchi paxtani qayta ishlashda uning iflosligini kamaytirish va tashqi ko‘rinishini xalqaro standart talablariga mosligini ta'minlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Shu maqsadda sanoatni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, ishlab chiqarishda foydalanilayotgan gidravlik presslarni zamonaviylariga almashtirish, mavjud korxonalarda ISO 9001 standartlarini joriy etish orqali paxta va yog‘-moy mahsulotlari sifat menejmenti tizimini takomillashtirish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.

Soha korxonalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 25 mln.doll. bo‘lgan 26 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Unga asosan bu yilda 11 ta paxta tozalash va 23 ta yog‘-moy korxonalari modernizatsiya qilinib, texnik va texnologik jihatdan yangilanmoqda.

Shu bilan bir qatorda sohada mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha bir necha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Yog‘-moy korxonalariga keltirilayotgan texnik paxta chigiti sifatini nazorat qilish uchun “Sifat-chigit” markazi tashkil etilib, zamonaviy, yuqori aniqlikdagi uskunalar bilan jihozlandi.

Tizimda kadrlar tarkibini mustahkamlash va malakasini oshirishga ham katta e'tibor berilmoqda. Sohani barcha muhim yo‘nalishlari bo‘yicha «Paxtasanoat ilmiy markazi» aksiyadorlik jamiyatining maxsus dasturlari asosida mutaxassislarning malakasi muntazam ravishda oshirib borilmoqda.

Sohada kompleks tarzda qayta ishlashni kompyuterlashtirish, tayyor mahsulot olish, moliyaviy hisob-kitobni ta'minlash, ishlab chiqarish texnologik faoliyatini tezkor nazorat qilish va keng qamrovli integratsiyalashgan axborot tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida paxta xom-ashyosini qabul qilishdan boshlab, uni qayta ishlash, saqlash va sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosidagi elektron hisobot va nazorat tizimi shakllantirilmoqda.

Yangi mavsumda paxta xom ashyosini qabul qilish va hisob tizimini yanada takomillashtirish maqsadida respublikadagi barcha paxta tozalash korxonalari va tayyorlov maskanlarida elektron tarozilar o‘rnatish ishlari yakunlandi. Elektron tarozilarda paxta xomashyosi to‘g‘ri o‘lchangani esa o‘z navbatida videokuzatuv kameralari orqali korxona va filialning tegishli bo‘limlari orqali nazorat qilib boriladi. Bu o‘z navbatida fermer xo‘jaliklari va ulardan paxta xom ashyosini qabul qiluvchi korxonalar bilan munosabatlarida shaffoflikni ta'minlamoqda. Mazkur ma'lumotlar filiallarda jamlanib, «onlayn» tizimida har bir paxta tayyorlov maskani, paxta tozalash korxonasi va har bir tuman yoki viloyat bo‘yicha qancha paxta qabul qilib olingani va tashilganini xolding kompaniya markaziy apparatidan turib nazorat qilib borish imkoniyati yaratildi.

Qolaversa, bu yilgi paxta hosiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, fermer xo‘jaliklari, ta'minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar hamda paxta tozalash korxonalari o‘rtasidagi hisob-kitob va to‘lov tizimini yangidan tartibga keltirish, soddalashtirish, shaffofligini ta'minlash, xo‘jaliklarning paxta maydonlarida belgilangan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi ustidan doimiy monitoring tizimini mukammallashtirish, agrotexnik tadbirlar uchun ajratilayotgan moddiy resurslardan maqsadli va oqilona foydalanilishni nazoratga olish maqsadida yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.

Avvalgi yillardagi tajribalar inobatga olinib, “O‘zpaxtaeksport” AJ tomonidan o‘zbek paxta tolasining raqobatbardoshligini oshirish uchun uni qayta ishlash texnologiyasini, toylarning tashqi ko‘rinishini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xalqaro standart talablariga mos keladigan o‘rash tizimini, PET-lenta, polietilenli va yumshoq trikotaj konteynerlardan foydalangan xolda, toylarni o‘rashning yangi tizimlarini joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Chunonchi, paxta zavodlarida ishlab chiqarilayotgan tolaning sifatini aniqlash, terminallarda paxtani qabul qilish va jo‘natishda dastlabki monitoring ishlari olib borilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, har bir terminalda paxta tolasining sifati va miqdorini nazorat qiluvchi laboratoriyalar tashkil qilingan bo‘lsa, istiqbolda logistika tizimini takomillashtirish, transport infratuzilmasini yaxshilash va yo‘laklarini kengaytirish mo‘ljallanmoqda. Paxta tolasini ichki va tashqi iste'molchilarga uzluksiz yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Xabaringiz bor, 2005 yilda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tashabbusi bilan Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi tashkil etilgan edi. Bugungi kunga kelib, u dunyo iqtisodiy hayotidagi muhim tadbirlardan biriga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, ushbu tadbir paxta tolasi va to‘qimachilik mahsulotlarini sotish bo‘yicha bozor mexanizmlarini yanada rivojlantirish, o‘zbekistonlik hamda xorijlik ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga ko‘maklashayotgani diqqatga sazovordir. 

Bu yilgi XII Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasini o‘tkazish Prezident qaroriga muvofiq, ilk bor “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi zimmasiga yuklatildi. Aytish kerakki, 12–13 oktabr kunlari o‘tkazilgan yarmarka va uning doirasidagi barcha tadbirlar yuksak saviyada tashkil etildi.

Jahonning 40 dan ortiq mamlakatlaridan kelgan 1000 dan ziyod vakillar ishtirok etgan yarmarka doirasida Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita, Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi, “Cotton Outlook” agentligi va boshqa ko‘plab nufuzli tashkilotlar tomonidan konferensiyalar uyushtirildi. Tadbir qatnashchilari ikki kun davomida bo‘lib o‘tgan anjuman va davra suhbatlarida jahon paxta bozorining bugungi holati va uning istiqbollarini muhokama qilish barobarida, O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoatiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdilar, birja savdolarida ishtirok etish, yuqori sifatli o‘zbek paxta tolasi va undan tayyorlangan raqobatdosh to‘qimachilik mahsulotlarining oldi-sotdisi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo bitimlari tuzish imkoniga ega bo‘ldilar.

Bu yilgi yarmarkada jami 550 ming tonna o‘zbek paxta tolasini sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzildi. Shuningdek, yurtimizmizda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha MDHning 7 ta mamlakati, Yevropa ittifoqi davlatlari, Turkiya, Koreya Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Bangladesh va boshqa ko‘plab mamlakatlardan kelgan sotib oluvchilari bilan 1 milliard 322 million dollarlik shartnomalar tuzildi.

Unda ishtirok etgan chet ellik hamkorlar yurtimizda paxtachilik sohasini rivojlantirishning yagona siyosatini olib boruvchi kompaniyamizning tuzilgani bilan tabriklab, uni jahon bozorida yuz berayotgan o‘zgarishlarga hamohang tarzda uzoqni ko‘zlab tashlangan yangi qadam sifatida ijobiy baholadilar. Shuningdek, bu yilgi yarmarkaga yuqori baho berdilar.

“Ayniqsa, bu qaror naqadar to‘g‘ri bo‘lganini yuqori saviyada tashkil qilingan bu yilgi yarmarka misolida ko‘rish mumkin. Tadbir qatnashchilar uchun har tomonlama foydali va samarali bo‘ldi. “Kotluk” O‘zbekistonning paxtachilik sohasi rivojini yuksak darajada qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va kelgusidagi hamkorlikning yanada mustahkam bo‘lishidan umidvor. Fursatdan foydalanib, ana shunday yuksak darajadagi tashkilotchilik va mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston hukumatiga, “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi va boshqa barcha mutasaddi tashkilotlarga minnatdorlik bildiramiz”, dedi “Cotton Outlook” agentligi boshqaruvchi direktori R.Batler. 

XII Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasiyarmarka o‘zbek paxta tolasining nufuzini yanada oshirishga, shuningdek kompaniyamizning jahon paxta bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim tadbir bo‘ldi.

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi rahbariyati tizimda mehnat qilayotgan barcha xodimlarni kompaniya tashkil etilganining 1 yilligi bilan qizg‘in muborakbod etadi. Barchalariga mustahkam sog‘lik, oilaviy totuvlik va belgilangan vazifalar ijrosi yo‘lida sobitqadamlik hamda g‘ayrat tilaydi!

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi
Matbuot xizmati

Mavzuga oid