Jamiyat | 00:05 / 15.11.2016
6408
3 daqiqa o‘qiladi

Italiyaning eng keksa erkagi 111 yoshga to‘ldi

Foto: vistanet.it

Italiyaning eng keksa erkagi, Sardiniya orolidagi Assemini shahrida yashovchi Valerio Piroddi 13 noyabrda 111 yoshini nishonladi, deb xabar bermoqda L'Unione Sarda mahalliy nashri.

Yurtdoshlari tomonidan "Italiya bobosi" deb ataladigan Valerio o‘z tug‘ilgan kunini qarindoshlari va qo‘shnilari bilan birga nishonladi. Ular orasida boboning ikki farzandi, 6 nabirasi va 5 evarasi bor bo‘lgan. 

Piroddi hech qachon jiddiy kasalliklardan aziyat chekmagan va o‘zini yaxshi his qilib keladi. Uning qulog‘i og‘irlashib qolganiga qaramasdan, xotirasini yaxshi saqlab qolgan va o‘zi mustaqil yuradi.

"Bobo xotira va motorika jihatdan haqiqiy mo‘'jizadir. Uning biologik yoshi barcha qayd qilingan hujjatlardan 20 yoshga kichikroq", deb aytdi Jahon uzoq umr ko‘rish jamiyati prezidenti Roberto Pili. Pilining aytishicha, "Italiya bobosi" Yevropaning eng keksa odamiga aylanishga barcha imkoniyatga ega.

"Men 1905 yilda Sardiniyadagi Villamassarja qishlog‘ida tug‘ilganman. Mening otam  yoshligimda o‘tib ketgan. Men mehnat qilishni barvaqt boshlaganman, dastlab temir yo‘lda, so‘ngra ko‘mirchi bo‘lib ishlaganman, biroq minimal pensiya olaman", deb biroz o‘kinib gapirdi bobo jurnalistlarga.

Italiyaning Sardiniya oroli azaldan o‘zining uzoq umr ko‘ruvchi odamlari bilan mashhur bo‘lgan. Mutaxassislarning fikricha, orolda yoshi 100 dan oshgan 350 dan ko‘proq odam yashaydi. Orolda shuningdek genetik tadqiqoqlar markazi ochilgan bo‘lib, bu yerda mahalliy uzoq umr ko‘ruvchi shaxslarning DNKsi o‘rganiladi.

Hozirda Italiya va butun dunyodagi eng ulug‘ yoshli ayol Verbaniya shahrida yashovchi Emma Morano hisoblanadi. 29 noyabrda momo 117 yoshga to‘ladi. 2013 yil aprelida u Yevropaning eng keksa odami bo‘lgandi, joriy yilning 12 mayidan  esa umuman sayyoramizning eng keksa odamiga aylandi. Morano 1900 yildan avval tug‘ilgan dunyodagi yagona inson hisoblanadi.

 

Mavzuga oid