San‑Marino terma jamoasi Myullerga munosib javob qaytardi
Germaniya terma jamoasi hujumchisi Tomas Myullerning San-Marinoni terma jamoasini haqoratlovchi so‘zlari javobsiz qolmadi. San-Marino terma jamoasi matbuot xizmati rahbari Alan Gasperoni Myunxenning «Bavariya» jamoasi hujumchisining so‘zlariga munosabatini bildirib o‘tdi.
«Sen o‘zing hatto bizga - o‘zing aytgan kuchsiz jamoaga gol ura olmading. Futbol Bekkenbauer yoki Rummeniggening shaxsiy buyumi emas. Futbol uni sevadigan barchaga tegishli. Nemislar tarix saboqlariga qaramay hech qachon o‘zgarmaydilar, qo‘rqitish g‘alaba kafolat bermaydi», — deya yozgan Gasperoni o‘zining «Feysbuk»dagi sahifasida.
Germaniya terma jamoasi JCh-2018 saralashida San-Marinoni 8:0 hisobida mag‘lub etgandi. Uchrashuvdan so‘ng Tomas Myuller bunday terma jamoalar bilan o‘ynab vaqt ketkazishda ma'no ko‘rmasligi haqida gapirib o‘tgandi.