YeXHT missiyasi O‘zbekistonda saylovoldi kampaniyasi vaqtida debatlar o‘tkazilmayotganiga e'tibor qaratdi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi 24 noyabr kuni e'lon qilingan oraliq hisobotida nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishdagi faolligini qayd etgan. Shu bilan birgalikda saylovoldi kampaniyasi jarayonida nomzodlar ishtirokida siyosiy debatlar o‘tkazilmaganiga e'tibor qaratilgan.
Hisobot joriy yilning 2 noyabridan 20 noyabrigacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish yakunlari bo‘yicha tayyorlangan.
«2015 yilning martidagi prezidentlik saylovi yakunlariga ko‘ra, shu yilning dekabrida «Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonunlarga hamda boshqa qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlar va qo‘shimchalarda siyosiy debatlar o‘tkazilishi nazarda tutilgan bo‘lishiga qaramasdan, hozircha debatlar bo‘lmadi», deyilgan hisobotda.
Missiya ma'lumotlariga ko‘ra, barcha nomzodlar hukumatni yoki bir-birini tanqid qilishdan tiyilmoqda. Ularning har biri saylovchilarning alohida tabaqalari ovoziga ega bo‘lishni ko‘zlagani qayd etilgan.
Shu bilan birga missiya prezidentlikka nomzod bo‘lmishlarning butun mamlakat bo‘ylab saylovchilar bilan ko‘pdan-ko‘p uchrashuvlar o‘tkazayotganini alohida qayd etgan.
«Hokimiyat o‘tkazilishi izchillik va barqarorlik sharoitlarida amalga oshirilmoqda. Jamiyatda bunga ishonch kuchlidir», deyilgan oraliq hisobotda.
Hisobotda saylov komissiyalarini shakllantirishning demokratik tartibi ta'riflangan. Saylov komissiyalari hokimiyatning ijro etuvchi tarmog‘ining ishtirokisiz fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining takliflari asosida joylardagi hokimiyat vakillik organlari tomonidan shakllantiriladi.
«Saylovchilarni xabardor qilish bo‘yicha kompleks va intensiv kampaniya» DIIHB ekspertlarining diqqat-eʼtiborini o‘ziga qaratgan.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov amaliyotida birinchi marta Saylovchilarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish dasturi qabul qilinganligi ta'kidlandi. Ushbu dasturda birovning o‘rniga ham ovoz berish kabi holatlarning oldini olish borasidagi ishlar alohida o‘rin egallaydi. Dasturni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etmoqda. O‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida teledasturlar tayyorlash va surdotarjimasi bilan birga efirga uzatish muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, YeXHT DIIHB missiyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan joriy yilning 2 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurdi. Markaziy saylov komissiyasi taklifi saylov kampaniyasi boshlanishi e'lon qilinishi bilan darhol yuborilgan edi. YeXHT DIIHB bilan kuzatish formatidagi hamkorlik an'anaga aylanib ulgurgan. Ushbu tashkilot missiyalari 1999 yildan buyon O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament va prezident saylovlarini kuzatishda ishtirok etib kelmoqda.
Saylovni kuzatish missiyasi — asosiy guruh, 28 kishidan iborat uzoq muddatli kuzatuvchilar, shuningdek 250 kishidan iborat qisqa muddatli kuzatuvchilardan iborat tarkibda tuzilgan. Ular ovoz berish kuni saylov uchastkalarida tizimli kuzatuvni amalga oshiradi. Qisqa muddatli kuzatuvchilar O‘zbekistonda 2-6 dekabr kunlarida faoliyat ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
08:50 / 26.10.2024
Shavkat Mirziyoyev YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
16:50 / 25.10.2024
Senat raisi YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
12:10 / 23.10.2024
Tashqi ishlar vaziri YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
13:00 / 20.06.2024