Sport | 14:40 / 01.12.2016
5288
2 daqiqa o‘qiladi

Karyakin 2018 yilgi shaxmat toji uchun kurashishini ma'lum qildi

Foto: © RIA Novosti

Rossiyalik shaxmatchi Sergey Karyakin 2018 yilgi chempionlik uchun kurashishga qaror qildi. Bu haqda u 2016 yilgi chempionlik unvoni uchun kechgan bahsda norvegiyalik Magnus Karlsenga yutqazganidan keyinoq «Interfaks» agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

«Rejam shunday. Men dam olaman, keyin Veyk-an-Zeye turniriga boraman, undan keyin Qatardagi blits va rapida yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etaman. O‘z o‘yinim ustida ishlayman, o‘ylaymanki, kelgusida menda yana imkoniyat paydo bo‘ladi», — deya qayd etgan grossmeyster.

Qayd etilishicha, Karyakin 2018 yilgi jahon chempionligiga da'vogar bo‘la oladi va amaldagi chempion Karlsen bilan yana o‘ynashi mumkin.

Jahon chempionligi uchun 12 partiyadan iborat klassik shaxmat bo‘yicha bahslarda 6:6 hisobi qayd etilgandi. Shundan so‘ng shaxmatchilar 4 partiyadan iborat tay-breyk o‘ynadi.

Qoidaga ko‘ra, tay-breyk rapid, ya'ni, tezkor uslubda o‘ynaladi. Ushbu yo‘nalishda kuchli sanalgan Magnus Karlsen 3:1 hisobida Karyakinni mag‘lubiyatga uchratdi va chempionlik unvonini saqlab qoldi.

Mavzuga oid