Jahon | 14:43 / 01.12.2016
11763
3 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev: Baxtli bo‘lish uchun prezident bo‘lish shart emas

Foto: tengrinews.kz

Qozog‘istondagi respublika yoshlar forumida ishtirok etgan mamlakat rahbari Nursulton Nazarboyev ba'zi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Hamma ham universitetni bitirish imkoniga ega emas. Ota-onalar esa bolaning yoshligidan unga bosim o‘tkaza boshlaydilar: sen albatta o‘qishing kerak, sen prezident bo‘lasan. Biroq, bu bolaga qattiq ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Baxtli bo‘lish uchun prezident bo‘lish shart emas. Hazil tariqasida shuni aytishim mumkinki, marhum Boris Nikolayevich Yelsinga nabirangiz prezident bo‘lmoqchi, deb murojaat qilishganida, u Rossiyaga ikkita prezidentning nima keragi bor? - deb javob qaytargan”, - dedi Nazarboyev.

Prezident mamlakat yoshlari haqida fikr bildirar ekan, jumladan shunday dedi: “Menga hozirgi yoshlar yaxshi emas, deb aytishsa – men buvilar ham hozir avvalgidek emas: paypoqlar to‘qishmayapti, deyman. Bu albatta hazil, lekin hozir vaziyat aynan shunday”, - ta'kidlab o‘tdi prezident.

Uning aytishicha, zamon tezlik bilan o‘zgarib bormoqda va bu kishilarga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda. “Men buyuk rimlik imperator Avreliyning so‘zlarini esladim. U: “Xuddi 10 ming yil hayoting bordek yashama. Umr qisqa, imkon boricha o‘zingni yaxshila”, degan. Ajoyib so‘zlar!”, - dedi Nazarboyev.

Xabarlarga ko‘ra, Qozog‘iston prezidentiga yoshlar forumi doirasida mamlakatda ishlab chiqarilgan soat ham sovg‘a qilishgan. Uning qiymati 350 ming tengega teng. “Endilikda biz o‘zimizning mahsulotni taqib yuramiz”, - dedi prezident. “Men atayin o‘zimizning fabrikalarga boraman. Kostyumlarni kiyib ko‘raman. Bizda ajoyib oyoq kiyimi, yaxshi ayollar kiyimi tayyorlanmoqda. O‘zimizning yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash kerak. U xuddi xorijdagidek mahsulot tayyorlay oladi. O‘sha maqtalgan brendlar shunchalik yaxshi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, ular faqat nomni sotishadi. Biznikilar esa tikishadi”, - aytib o‘tgan Nazarboyev.

Mavzuga oid