Jahon | 07:50 / 08.01.2017
90663
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbuldagi terakt ijrochisi o‘zbekistonlik bo‘lishi mumkin

Foto: Daily Sabah

Istanbul politsiyasi 1 yanvarga o‘tar kechasi Istanbuldagi tungi klubda otishma sodir etgan kimsaning shaxsini aniqladi, deb xabar bermoqda Daily Sabah nashri.

Ta'kidlanishicha, Istanbul politsiya boshqarmasi terrorchi o‘zbek millatiga mansub Abdulqodir Masharipov ismli erkak bo‘lganini aniqlagan. U shuningdek, Abu Muhammad Xurosoniy nomi bilan ham ma'lum bo‘lgan.

Politsiya ayni vaqtda hujumdan keyin qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan terrorchini qidirmoqda.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, terrorchi 6 ta o‘qdonni almashtirib, 180 tadan ko‘p o‘q uzgan. 7 daqiqa davom etgan hujumdan keyin u oshxonaga kirib, u yerda 13 daqiqa ichida kiyimlarini almashtirib, klubdan boshqa odamlar bilan birga chiqib, voqea joyini taksida tark etgan. Biroq u qo‘shni tumanda taksichiga puli yo‘qligini aytib, mashinadan tushib qolgan. Aynan taksichi terrorchining shaxsini aniqlashga yordam bergan.

Shuningdek, terrorchi Istanbulga Konya shahridan kelgani, 1988 yilda tug‘ilgani va uchta til – turk, arab va rus tilini bilishi malum bo‘lgan.

3 yanvarda Turkiya hukumati teraktni sodir etishda gumonlanuvchining shaxsini aniqlagani haqida ma'lumot paydo bo‘lgandi, biroq ushbu ma'lumot rasman tasdiqlanmagandi.

Reina tungi klubidagi hujum oqibatida 39 kishi halok bo‘lgan, 69 kishi yaralangan.

Mavzuga oid