O‘zbekiston | 20:22 / 15.02.2017
48650
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Rossiyaga mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi

15 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi hukumat raisi o‘rinbosari Dmitriy Kozak boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 18-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi va bir qator istiqbolli rejalar muhokama qilindi. 

Tadbirda ishtirok etgan «Kun» muxbirining xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikka ham katta ahamiyat berilishini ta'kidladi. Jumladan, O‘zbekiston mazkur sohada halqaro miqyosda tan olingan shakllar asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif etadi. 

Bunday hamkorlik yo‘llanayotgan ishchilar soni, mutaxassisligi, ularni qabul qilayotgan hududlar bo‘yicha aniq ma'lumotlar bilan ta'minlashni ko‘zda tutadi. Shuningdek, mehnat muhojirlariga ularning huquqiy muhofazasi bo‘yicha qat'iy kafolatlar beruvchi tartibni o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, ishchilarni normal yashash sharoiti hamda tibbiy va ijtimoiy sug‘urta bilan ta'minlash ham ko‘zda tutilmoqda. 

Yig‘ilishda Rossiya va O‘zbekistonning pozitsiyalari ko‘p jihatdan to‘g‘ri kelishi, oldinda esa bir qator vazifalarning amaliy ijrosi turgani ta'kidlandi.

Mavzuga oid