Jahon | 21:23 / 14.03.2017
33869
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Xitoyga mag‘lub bo‘lish uchun barcha ishni qilmoqda

Moliyaviy tahlillar va yangiliklarga ixtisoslashgan Bloomberg agentligi iqtisodchi, yurist, yozuvchi va tadbirkor Maykl Shumanning Oq uy ma'muriyati iqtisodiy siyosatiga doir fikrlarini e'lon qildi. 

Unga ko‘ra, Barak Obama prezidentligining so‘nggi kunlarida, uning huzuridagi maslahat kengashlaridan biri yangi ma'muriyat uchun hisobot tayyorlab, Xitoy yarim o‘tkazgichlar bozorida yetakchilikni qo‘lga kiritmoqchi ekanidan ogohlantirgan. O‘sha tavsiyaga muvofiq, «Pekin ma'muriyati taraqqiyotning yuqori sur'atlari hisobiga poygada g‘olib bo‘lish»ni rejalagan. 

Bu aslida yaxshi maslahat edi. Ammo, yangi ma'muriyat bu tavsiyaga e'tibor bermadi. Donald Tramp siyosati esa, go‘yoki, Xitoyga raqobatchilikda yutqazishga qaratilgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Ko‘rinishidan, Tramp jamoasi Xitoyning Amerika iqtisodiyotiga qanchalik tahdidli ekanini yaxshi anglamayotgan ko‘rinadi. Buyuk Sharq mamlakati robotlardan tortib tibbiy asbob-uskunalar kabi yuqori texnologiyalarga katta mablag‘ kiritmoqda. 

Masalan, davlat yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi zavodini barpo qilish uchun 150 mlrd dollar mablag‘ ajratdi. YeIning Xitoydagi Savdo palatasiga ko‘ra, XXR o‘z maqsadiga yetish uchun keng qamrovli choralarni ko‘rmoqda: bu iqtisodiyotning ayrim sektorlariga subsidiyalar hamda xorijiy kompaniyalarning texnologiyalarini o‘zlashtirishdir. 

AQSh uchun bu holatda yagona imkoniyat — raqibining o‘ziga yetib olishiga imkon bermasligidir. Lekin, Tramp muvofiqlashtirish va soliqlarni kamaytirish bilan raqobatbardoshlikni oshirish haqida o‘ylamoqda. To‘g‘ri, soliqlarni kamaytirish tufayli biznes ixtiyorida tadqiqotlar uchun katta mablag‘ qolsa-da, bu yetarli emas. 

Amerika innovatsion korxonalarga ko‘proq yordam berishi kerak. Tramp bu borada ham aksini qilmoqda. Amerika yuqori texnologiyalar sohasining muvaffaqiyatlaridan biri – butun dunyodan kelgan iqtidorli muhojirlardir. Tramp esa H-1B ishchi vizalarini berishni sekinlashtirdi, shu bilan olimlar va muhandislarning oqimini qisqartirdi. Agar Tramp shu yo‘l bilan amerikaliklar uchun ish o‘rinlarini saqlab qolishni o‘ylayotgan bo‘lsa, xato qiladi. Chunki, bu sohadagi ishsizlar soni atigi 2,5 foizni tashkil etadi.

Mavzuga oid