O‘zbekistondagi dori vositalari bir qator xorij davlatlariga eksport qilinmoqda
Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari bilan "Aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta'minlash tibbiyot tizimida o‘tkazilayotgan islohotlarning bosh maqsadlaridan biridir" mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dori-darmonlar sifatining talabga javob berishi qay darajada ekanligi bilan qiziqishdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, respublikamizdagi 147 ta ishlab chiqarish korxonalarida sifat nazorati yo‘lga qo‘yilgan. Har bir dori vositasi yoki tibbiyot buyumi mavjud 8 ta mustaqil sertifikatlash tashkiloti tomonidan sertifikatlanishi ta'kidlandi.
Shuningdek mahalliy dori-darmonlarning yuqori sifati ularni bir qator xorijiy mamlakatlar - AQSh, Fransiya, Germaniya, MDH va qo‘shni mamlakatlarga eksport qilish imkonini berayotganiga e'tibor qaratildi.
Shuningdek, shifoxonalar binosi oldida dorixonalarning bo‘lishi yomon ko‘rsatkich ekanligi, bu shifoxonada zarur dori vositalarining yetishmasligini tan olishlikdan dalolat berishi haqida fikr bildirildi. Shifoxona yonida dorixona bo‘lgandan ko‘ra tibbiyot muassasasining o‘zida bu dori vositalari va tibbiyot buyumlarining bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘lishi ta'kidlandi.
Dorixonalarda elektron xizmatlarning yo‘lga qo‘yilishi borasidagi savolga, vazirlik vakili qonunga ko‘ra, dori vositalarining Internet orqali sotilishi mumkin emasligini qayd etdi. Umuman dorilarning shifokor retseptisiz berilishiga salbiy munosabat bildirildi, zero har bir dori shifokor belgilagan dozada va tartibda qo‘llanishi kerak. Shu o‘rinda rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasiga to‘xtalib o‘tildi - xorijda dori vositalari dorixonalardan qo‘yib yuborilishidan avval ma'lumotlar bazasidan haqiqatda shifokor aynan shu dorilarni ko‘rsatilgan dozada belgilaganmi yoki yo‘q - ko‘zdan kechiradi. Kelgusida bizning yurtimizda ham shunday tizimlar yo‘lga qo‘yilishiga umid bildirildi.
Shuningdek respublikamizda ko‘chma dorixonalar tashkil etilayotgani, ularning har biri konditsioner, muzlatgich kabi zarur texnik qurilmalar bilan ta'minlangani qayd etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda yangi, dunyoda o‘xshashi yo‘q original dori vositalari yaratilayotgani ta'kidlandi.
Mavzuga oid
18:53 / 30.07.2024
Maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlandi
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
17:25 / 20.07.2024
Dunyo bo‘ylab vabo tarqalish xavfi juda yuqori baholanmoqda
19:59 / 09.07.2024