O‘zbekiston | 18:22 / 23.03.2017
19091
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahridagi kameralar sabab qoidabuzarliklar 4 barobarga kamaydi

15 martdan Toshkent shahri chorrahalarida kuzatuv kameralari ishga tushirilgani haqida avval xabar qilingan edi. Toshkent shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan profilaktika kuni munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot brifingida 16 martdan 23 martgacha bo‘lgan ma'lumotlar taqdim etildi. Unga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahrining 115ta chorrahasida 883ta kuzatuv kameralari tunu-kun ishlab kelmoqda.

Kameralar hafta davomida haydovchilar tomonidan jami 29 mingdan ziyod qoidabuzarliklar sodir etganini qayd etib, shundan 16 mingdan ortig‘i svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanish, 13 mingdan ortig‘i tezlikni belgilangan me'yordan oshirganlik kabi huquqbuzarliklarni tashkil etgan.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning aytishicha, mazkur kameralarning ishga tushirilishi natijasida, haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga tobora ko‘proq rioya etmoqda. Buni statistika ma'lumotlari ham isbotlaydi. Agar 15 mart kuni, ya'ni bir sutka davomida 8 mingdan ziyod qoidabuzarlik qayd etilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 22 mart kuni 2 mingtani tashkil etgan. Bu esa dastlabki holat 4 barobar yoki 6 mingtaga kamayganini ko‘rsatadi. 

Shuningdek, yo‘l-transport hamda odam o‘limi bilan bog‘liq hodisalarining ikki barobarga kamayishiga erishildi. Misol uchun, 10 martdan 16 mart kuniga qadar 27 ta yo‘l-transport hodisasi, shundan 3tasida odam o‘limi bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan bo‘lsa, 17 martdan 23 mart kuniga qadar 14ta yo‘l transport hodisasi, shundan bittasida odam o‘limi bilan bog‘liq hodisa ro‘yxatga olingan. 

Mavzuga oid