Jamiyat | 17:16 / 13.04.2017
10901
12 daqiqa o‘qiladi

Buxoroliklarning ijtimoiy xizmat va aholi bandligi yuzasidan murojaatlari qanday hal etildi?

Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyati aholisi tomonidan Kun.uz’ga kelib tushayotgan ko‘p sonli murojaat va takliflar asosida viloyat hokimligi bilan bog‘landik va mazkur masalalarga ulardan javob olishga harakat qildik.

Mazkur murojaat va takliflarning ma'lum bir qismini ijtimoiy xizmatlar, bandlik va shahar infratuzilmasi mavzulari tashkil etadi. Shu sabab savollarga turli idoralar vakillari javob qaytarishdi.

Takliflardan birida shunday deyiladi: “Salom. Video va foto xizmatlarining barchasini qonuniylashtirish vaqti keldi! Bizlarning taklifimiz Buxoro shahridagi barcha to‘y va marakalar o‘tkaziladigan restoran va kichik barlarga ro‘yxat daftari bo‘lishi shart. Xonanda, tasvirchi, dizayn va hokazo xodimlarning guvohnoma yoki litsenziyasi bo‘lmasa ushbu binolarga kiritilmasin. Qaysi video -foto, xonanda va dizaynerchi, dorboz xizmatchilari, boshlovchi, qayerga va qachon ishlagani ma'lum bo‘ladi. Bank tomonidan qo‘yilgan reja pul tushumlari ham o‘z vaqtida tushadi. Ushbu ro‘yxat daftari soliq organlari tomonidan maxsus muhr va ip bilan tikilishi kerak va ular hudud soliq inspektorini har doim nazoratida bo‘lishi shart”.

Mazkur masala yuzasidan Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Q.Igembegenov o‘z fikrini quyidagicha bildirdi: “2016 yil va 2017 yil 1-choragida “To‘ylar, yubileylar va boshqa tantanalarda konsert xizmati ko‘rsatish”, “Video va fotosuratga olish” xizmat turlari bo‘yicha viloyatda 127 nafar sub'yekt ro‘yxatga olingan.

Tegishli litsenziya va guvohnomasiz faoliyat ko‘rsatayotgan 32 nafar shaxs ma'muriy tartibda javobgarlikka tortildi.

Bundan tashqari ushbu sohadagi xizmatlarni qonuniylashtirish maqsadida soliq idoralari hamda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi bilan hamkorlikda reydlar olib borilmoqda”.

Yana bir murojaatda: “Salom. Iyul oyida o‘qishni tugatib, uyga qaytaman. Men istiqomat qiladigan manzilda internet tarmog‘iga ulanishning imkoni topilmadi. “O‘ztelekom, Telefon liniyalari tarmog‘i, Mobil kompaniyalar, har xil internet provayderlariga bordim lekin ular menga yordam berishmadi. Internetga ulanishning iloji yo‘q, deyishdi. Iltimos, menga bu masalani yechishda yordam bering”, deyiladi.

Mazkur murojaatga O‘zbektelekom AK Buxoro filiali direktori A.Shoboyev quyidagi tartibda javob qaytargan: “Sheyxon mahallasi 127-uyda yashovchi A.Atayevga xonadonini uy telefoniga ulash uchun bo‘sh liniyalar yo‘qligi, qo‘shimcha liniyalar o‘rnatish 2018 yilning 3-choragida rejalashtirilganligi tushuntirildi.

Unga internetdan foydalanishi uchun  “Uzmobile” GSM xizmati taqdim etildi”.

Yana bir murojaatda shunday yozilgan: “2008 yil harbiy ombor portlagandan so‘ng Kogon shahridagi “Saxovat” dehqon bozori buzildi. 2009 yildan bozor quriladi, degan gap haligacha bor. Lekin qurilmayapti. Bozor buzilganidan hozirgacha ishsiz yurgan tadbirkorlar bor. O‘ktam Barnoyevga savolim - o‘zi bozor quriladimi? Agar bozor qurilsa tadbirkorlar o‘z savdo do‘konlarini qanday olishadi? Agar bozor qurilmasa tadbirkorlarga tovon puli to‘lanadimi?”.

Mazkur savolga O‘zbekiston Respublikasi Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi viloyat bo‘limi boshlig‘i v.v.b. Ya.Karimov javob qaytargan. “Saxovat” dehqon bozori 2017-2020 yillarda zamonaviy yangi loyiha asosida barpo etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-sonli qarorining 28-bandiga asosan bozor hududidan tadbirkorlik sub'yektlariga yer ajratib berilmaydi, balki ularga do‘kon ijaraga beriladi.

2008 yil texnogen hodisa tufayli buzilgan do‘konlar ro‘yxatga olingan. Ijara taklifi, birinchi navbatda, sobiq do‘kon egalariga bildiriladi”, deyiladi javobda.

Buxoro shahridan kelgan bir murojaatda shunday yozilgan: “Salom. Men tadbirkorman. Shaharni obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu yaxshi. Ammo ko‘pdan ko‘p daraxtlarni kesib, o‘rniga yosh nihollar o‘tkazilyapti. Ammo bizning Buxoro tabiatida har qanday ko‘chatni unishi qiyin. Axir yangi ko‘chat unmasdan eskisini kesmaslik maqsadga muvofiq emasmi?

Mazkur savolga Viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi A.Niyozov quyidagicha javob bergan: “Buxoro shahridagi daraxt va butalarni saqlash viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi qat'iy nazoratida turibdi.

Qurib qolgan, tabiiy zararkunandalar va kasalliklar ta'sirida kuchli zararlanib borayotgan daraxtlargina tabiatni muhofaza qilish qilish qo‘mitasi bilan kelishilgan holda kesilmoqda.

Noqonuniy holda sog‘lom daraxtlarni kesish holatlari yuzasidan ma'muriy choralar qo‘llanilmoqda.

Bunday holatlar oldini olish yuzasidan nazorat reydlari olib borilmoqda”.

Xuddi shu shahardan kelgan takliflardan biri quyidagi mazmunga ega: “Salom. Men Buxoro viloyati hokimi tomonidan olib borilayotgan tadbirlardan juda xursandman. To‘g‘ri, ayrim insonlar noqonuniy qurilgan uy va binolarni buzilishidan xafa bo‘lib, ko‘p safsata gaplarni gapirib yurishadi. Qonun xamma uchun barobar, degan iborani bilsa ham bilmaslikka olishadi. O‘ktam aka, Sizdan iltimosim eski yog‘ zavodi o‘rniga qurilgan uch qavatli binolarni buzib, Buxoroning ko‘rki bo‘lmish Buxoro siti qurilsa. Buxoro viloyati arxitekturasi xodimlarini ishdan bo‘shatsangiz! Oldingi Buxoro viloyati hokimi, qurilish bo‘yicha hokim o‘rinbosari, shahar hokimi va arxitektura rahbarlari shahar o‘rtasida ko‘zga ko‘ringan Biznes markazi qurish o‘rniga uy joy qurishga nima haqlari bor? Samarqand yoki Andijon shaharlaridan o‘rnak olsa bo‘lmaydimi? O‘ktam aka, Sizga ishonamiz. Biz Samarqand shahrini chiroyli osmono‘par uy joy va binolar qurdirib, go‘zal shaharga aylantirganizni bilamiz. Iltimos, Buxoro shahrini ham go‘zal shaharga aylantirsangiz.

Ushbu taklifga Viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi boshlig‘i Z.Muhiddinov tomonidan quyidagicha fikr bildirilgan: “Buxoro shahar hokimining qaroriga asosan, Buxoro viloyat hokimligi huzuridagi “Buxoro qurilish injiniring” DUKga shaharning A.G‘ijduvoniy va Ibn Sino ko‘chalari kesishmasidan (sobiq Buxoro yog‘ ekstrakt zavodi hududi) namunaviy o‘rta qavatli ko‘p xonadonli turar joylari, savdo majmuasi, savdo maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda sport majmuasi binolari batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chikish uchun 13,4ga yer maydoni ajratilgan.

«Dilkushoi Berun» mavzesi bosh rejasi va loyiha hujjatlari shahar bosh arxitektori, Viloyat bosh arxitektori va tegishli viloyat hamda shahar tashkilotlari bilan kelishilgan”.

Murojaatlarning yana biri quyidagi mazmunga ega: “Assalomu alaykum. Buxoro aholisining 50 foizini yoshlar tashkil etadi. Rossiya shaharlarida ish qidirib, ish topib yurishibdi. Bitta katta iltimos, Buxoro aholisiga, aynan yoshlarga ish yo‘q, bizlarga ish joyi kerak. Hokimlar kelib ketib, hech bu muammoga e'tibor berishmaydi. Ish bilan ta'minlansin. Zavod va fabrikalarni ishga qo‘yib berishsin”.

Mazkur masalaga Buxoro viloyati mehnat bosh boshqarmasi boshlig‘i F.Xodjayev quyidagicha javob yo‘llagan: “Ayni paytda Buxoro viloyatida Qandim gaz kompleksi va boshqa yirik loyihalar, shuningdek, kichik biznesni rivojlantirish orqali bo‘sh ish o‘rinlari yaratilmoqda.

2017 yil Bandlik dasturiga asosan 58705 ta ish o‘rni yaratilishi natijasida 31580 nafar yoshlarimiz, shundan 24153 nafar kasb-hunar kolleji bitiruvchisi bandligi ta'minlanadi.

Bundan tashqari, www.ish.mehnat.uz sayti orqali bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma'lumotlar yangilab borilmoqda”.

Aynan shu mavzu yuzasidan boshqa bir murojaatda shunday deyiladi: Assalomu alaykum. Men Olot tumani, Chandir QFY, Chagas qishlog‘ida yashayman. Hozirda Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti 5 - bosqich talabasiman. Uylanganman, yaqinda bir yoshga to‘ladigan qizalog‘im bor. Dadamlar mana 18 yilki 2-guruh nogironilar. Onamlar 11 yildan buyon ishsizlar, avval oddiy pudratchi (kolxozchi) bo‘lib ishlaganlar. Singlim kollejni tugatganiga 4 yil bo‘lyaptiki, hali ham ishsiz. Xotinim ham ishsiz. Men Toshkentda ijarada yashiyman. Biror joyda ishlay desam hali talabasan, deb ishga olishmiydi. Oilamni qanday boqaman, qayerdan kvartiraga pul topaman? Oilamizga faqatgina dadamlarning nafaqa pullari nima ham bo‘lardi. Ish so‘rab necha marotaba mehnat birjaga murojaat qilgan bo‘lsak hammasini yolg‘on ish o‘rni bo‘lib chiqyapti. Biror sohaga pul tikib tavakkal qilishgayam pulimiz yo‘q. Agar imkoni bo‘lsa bizlarga ish topishimizga yoki bo‘lmasa moddiy tarafdan yordam berishingizni so‘rayman. Izoh dadam 700 ming pensiya oladilar biz Toshkentda 500 mingga ijarada turamiz qolgan 200 mingga bolamizni va oilamni boqolmiyman. U yoqda Olotdagi oila a'zolarim qanday kun ko‘rishadi? Moddiy tarafdan yordam berishingizni so‘rayman”.

Mazkur murojaatga Buxoro viloyati mehnat bosh boshqarmasi boshlig‘i F.Xodjayev batafsil javob qaytargan: “Ilyos Bobomurodovning singlisi Hamrogul Bobomurodova ayni paytda “Buxoro nyu tekstil” MChJda operator vazifasida ishlab kelmoqda.

Onasi Oqgul Safarovaga ham “Buxoro nyu tekstil” va “Merganteks” MChJlarida yigiruvchilik vazifasi taklif etildi. Ammo O. Safarova ushbu ishlarni rad etdi.

O. Safarovaga bo‘sh ish o‘rinlari ma'lumoti har oyda yangilanishi ma'lum qilinib, agar ishlash istagi bo‘lsa Olot tuman Bandlikka ko‘o‘maklashish markaziga murojaat etishi mumkinligi yuzasidan tushuntirish berildi.

I. Bobomurodovning turmush o‘rtog‘i M.G‘aybullayeva Toshkentda istiqomat qilishi bois u bilan uchrashish imkoni bo‘lmadi.

I.Bobomurodov Toshkent shahrida muntazam yashab kelayotganligi bois, uning oilasiga moddiy yordam ajratish imkoniyati mavjud emas.

Uning otasi xonadoni moddiy ahvoli o‘rganilganda ham otasi nafaqa olishi, singlisi ishlayotgani, tasarrufida 2 bosh qoramol, 28 sotix yer, joriy yilda sotib olingan “Spark” avtomashinasi  bo‘lgani bois, mavjud mezonga asosan kam ta'minlangan oila hisoblanmaydi.

Shu nuqtai nazardan ushbu oilaga moddiy yordam ajratish imkoni mavjud emas”.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, degan so‘zlari rahbarlardan shaxsiy javobgarlik va mas'uliyatni yanada oshirishni taqozo etmoqda. Shu bilan birga fuqarolar ham Vatanga daxldorlik hissi bilan yashash zarurligini anglab yetishmoqda. Bu ikki haqiqat shu davrning eng muhim talabidir.

Mavzuga oid