Jamiyat | 13:24 / 26.04.2017
13748
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda og‘ufurushlar qo‘lga olindi

Turmush o‘rtog‘ining vafotidan so‘ng ro‘zg‘or tebratish-u oila tashvishi Sanobarning bir o‘ziga qoldi. Shunday bo‘lsa-da, halol mehnat evaziga boriga qanoat qilib yashasa, qora qozoni qaynab tursa, tani-joni sog‘ bo‘lsa, shuning o‘zi yetarli emasmi?! Bo‘lardi... Ammo... U muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining hukmiga ko‘ra 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Biroq, u bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmay, yana eski odatini boshlab yubordi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Keyingi paytlarda uning mazasi bo‘lmay yurgan edi. Nima qilarini bilmay, pochchasi Sultonmurodning yoniga davolanishi uchun pul so‘rab bordi.

Shuhrat esa asli urgutlik. Bir kuni unga samarqandlik tanishi Abdumalik qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Salom-alik qilishgach, Abdumalik maqsadga ko‘chdi.

-  Ozgina dori kerak bo‘layapti. Agar iloji bo‘lsa topib bersangiz, puli naqd, - dedi.

-  Surishtirib ko‘ray-chi, keyin qo‘ng‘iroqlasharmiz, - dedi Shuhrat tanishining iltimosini yerda qoldirmasdan.

Shu sabab bo‘lib, Shuhrat tog‘asining kuyovi To‘lqinga telefon qildi va bu haqda aytgan edi, To‘lqin topib, javobini aytishni va'da qildi.

“Dori”ni izlashga tushgan To‘lqin qarindoshi Ma'rufdan bu haqda iltimos qildi. Ma'ruf o‘sha kunning o‘zidayoq 24 gramm “opiy” giyohvandlik moddasini olib kelib, To‘lqinning uyiga tashlab ketdi. To‘lqin bu haqda Shuhratga xabar qildi. Ertasi kuni Shuhrat kelib, “dori”ni oldi-da, Abdumalikka olib borib berdi.

Oradan bir necha kun o‘tib, Abdumalik Shuhratdan yana “dori” topib berishini so‘radi va unga pulini berib ketdi. O‘z o‘rnida Shuhrat yana o‘sha iltimos bilan To‘lqinga murojaat qildi. To‘lqin esa o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan Ramizga aytdi. Moddiy manfaatni ko‘zlagan Ramiz ham iltimos yerda qoldirmadi. U yangasi Bashoratning oldiga borib, bir tanishiga 400 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi kerak bo‘layotganini, puli naqdligini aytdi. Bashorat bunaqa savdoning ustasi farang bo‘lib ketganligi uchun, yo‘q demadi. Ramizning oldida tanishi Sultonmurodga qo‘ng‘iroq qilib, “dori” kerakligini aytdi. Suhbat asnosida ular narxini ham kelishib olishdi va uchrashuv joyini belgilashdi.

Sanobar pochchasidan davolanishi uchun 300 ming so‘m qarz so‘rab borgandi. Sultonmurod bu vaziyatdan oqilona foydalanib qolishni o‘yladi. Shu sababli qaynisinglisiga shartini aytdi.

-   Bitta xizmat bor. Rozi bo‘lsang, evaziga 50 AQSh dollari beraman.

-  Qanaqa xizmat, qo‘limdan kelarmikan?

-  Bashorat ismli ayol “dori” topib berishni so‘ragandi. Shuni unga yetkazib berasan, - dedi Sultonmurod.

Sanobar bu ish bilan avval ham shug‘ullangani uchun e'tirozsiz rozi bo‘ldi.

-  Qayerga olib borish kerak? – so‘radi pulining daragini eshitgach.

-  Shifoxonaning oldida seni kutib turadi, - dedi pochchasi uchrashuv joyini avvaldan belgilab qo‘yganligini aytib.

Sanobar Bashoratga “dori”ni yetkazdi. Bu orada Ramiz To‘lqinga qo‘ng‘iroq qilib:

-  Pullarni olib kelavering. Sizni uyimda kutaman, - dedi.

Biroq jinoyatchilarning oldi-sotdisi oxirigacha yetmay qoldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ularni birma-bir qo‘lga oldi.

Sud hukmi bilan Sanobar Rahimova, Ramiz Nurmatov va Shuhrat Yo‘ldoshevlarning har biri 8 yildan, To‘lqin Nurmatov esa 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Mavzuga oid