Boku-2017, yettinchi kun. Oltita oltin, ikkita kumush va bitta bronza
Bugun, 18 may kuni Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida IV «Islom birdamligi sport o‘yinlari»ning yettinchi kungi musobaqalari davom etdi. Shu kuni O‘zbekiston delegatsiyasi medallar jamg‘armasi yana 9ta medal bilan boyidi (6ta oltin, 2ta kumush va 1ta bronza).
Bugun o‘zbekistonlik 14 nafar sportchi 5ta sport turida ishtirok etishdi.
Yengil atletika
Para-atletika yo‘nalishida ishtirok etayotgan Aleksandr Svechnikov erkaklar o‘rtasidagi nayza uloqtirish (F13) bahslarida tengsiz bo‘ldi va oltin medal oldi. U nayzani 70 m masofaga uloqtirdi va jahon rekordini o‘rnatdi.
Balandlikka sakrash mashqlarida 1,80 natijani qayd etgan Nadiya Do‘sanova oltin medalga ega bo‘ldi.
200 metr masofaga yugurishda final bosqichida ishtirok etgan Nigina Sharipova esa marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi (23,66 sekund) va bronza bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.
Bosqon uloqtirish bo‘yicha finalda ishtirok etgan Suxrob Xo‘jayev esa natijaga erisha olmadi.
Sport kurashlari
Yunon-rum kurashi bo‘yicha bahslarda 130 kg vazn toifasida ishtirok etgan Mo‘minjon Abdullayev dastlab suriyalik R.Alkradni yengdi, keyin ozarboyjonlik S.Shariati to‘sig‘idan o‘tdi. Finalda turkiyalik Osman Yildirimga imkoniyatni boy bergan Abdullayev kumush medal bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.
66 kg vazn toifasidagi Mirzobek Rahmatov esa chorak finalda marokashlik A.Hanineni yengdi, ammo yarim finalda ozarboyjonlik K.Mammadovga yutqazdi. U bronza uchun bahsda eronlik M.Zaydvanddan ham yengildi.
Taekvondo WTF
-62 kg vazn toifasida turnirda finalga yetib kelgan Umida Abdullayeva Turkiya vakili Irem Yamanga qarshi dayanga chiqib, 1:3 hisobida yutqazib qo‘ydi va kumush medal bilan kifoyalandi. U kun davomida dastlabki jangida pokistonlik Yamna Siddiqiyni (20:0), chorak finalda Qozog‘iston vakili Gulim Bibalayevani(4:3) yarim finalda marokashlik Saukayna Elauniyni (5:4) mag‘lub etgandi.
-74 kg vazn toifasida dayanga chiqqan Nikita Rafalovich barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib turnirning oltin medalini qo‘lga kiritdi. Saralashdan ozod qilingan Rafalovich, birinchi jangda iordaniyalik A.Aladarbini yengdi, u finalda eronlik kuchli raqibi Xusrovfarni mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Tennis
Yakkalik bahslarida ishtirok etayotgan Sergey Fomin nimchorak finalda turkmanistonlik Y. Rogesskiyni 6:2, 6:2 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratdi va chorak finalga yo‘l oldi. U keyingi bosqichda turkiyalik A.Selibilekka qarshi kortga chiqadi.
Kamola Umarova esa ozarboyjonlik Amina Dikni 6:0, 6:0 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalga o‘tdi. Uning navbatdagi raqibi turkiyalik A.Aksu bo‘ladi.
Juftlik bahslarida Amal Sultonbekov/Saida'lo Saidkarimov juftligi Zayid/Zayid juftligini (Qatar) yengdi - 6:2, 5:7, 1:0.
Boks
Boks terma jamoasining finalga chiqqan uch vakili ham oltin medalga ega bo‘ldi.
-56 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Abdulhay Shorahmatov finalda Turkmaniston vakili Yoqub Meredovga qarshi ringga chiqdi. U ringda to‘liq ustunlik namoyish etib, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.
-64 kg vazn toifasi vakili Aliyor Noraliyev finalda misrlik Islom Muhammedovni mag‘lubiyatga uchratdi va oltin medal egasi bo‘ldi.
– 69 kg vazn toifasida mezbonlar vakili Tamerlan Abdullayevga qarshi ringga ko‘tarilgan Bobo-Usmon Boturov to‘la ustunlikka erishdi. U hakamlar qaroriga ko‘ra 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, oltin medal bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.
Endilikda O‘zbekiston terma jamoasi hisobidagi medallar soni 54taga yetdi (14ta oltin, 14ta kumush va 26ta bronza). Terma jamoa 57 mamlakat orasida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.
Mavzuga oid
12:50 / 22.07.2024
Boku: Rossiyadan gazning Ukraina orqali keyingi tranziti davom etishi mumkin
08:41 / 11.12.2023
Boku shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochildi
16:00 / 18.11.2023
BMT sudi Bokuni Qorabog‘dan chiqib ketganlarning qaytishiga ruxsat berishga chaqirdi
08:12 / 04.09.2023