Jamiyat | 15:57 / 10.06.2017
45372
3 daqiqa o‘qiladi

Ramazon tuhfasi: Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li bilan videosuhbat

Mamlakatimizda Ramazon shukuhi kezmoqda. Kunduzlari ro‘zada, tunlari taroveh namozlarida qoim bo‘layotgan kishilar bu shukuhni yanada teranroq, yanada chuqurroq anglashadi, his qilishadi.

Ramazon aslida qanday oy? U insonga qanday ruhiy yangilanish, ruhiy quvvat bera oladi? Bu mavzuga Toshkent shahri, Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li o‘z fikrini bildirdi.

“Ramazon – inson 11 oy mobaynida umr yo‘lidagi barcha chorrahalarini tartibga solib olish oyidir. Men musulmonman, men Yaratganning go‘zal bir mahluqotiman, azizu mukarramman va nihoyat inson degan ulug‘ nomga egaman, deb hisoblovchi odam bolasi bu oyda mo‘minlik qilib, ixlos ila Allohning amriga bo‘yin egsa, u bu oydan o‘ziga ruhiy barkamollik oladi.

Buning o‘ziga yarasha sababi bor. Bu oyda inson 11 oy davomida yo‘l qo‘ygan xatolarini, bilib-bilmay qilgan gunohlarini Qur'on tilovati ila davolab, isloh qilib, qolgan 11 oy ichida haqiqiy mo‘min bo‘lib yashash quvvatini oladi.

Inson qalbini davolash, qalb xotirjamligi haqida gapirar ekan Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li shunday deydi:

“Qanchalik ko‘p kitob o‘qilmasin, qanchalik ko‘p yaxshilik qilinmasin agar kishi ruhiy tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya bilmas ekan u hech qachon qalb xotirjamligiga erisha olmaydi. Aslida, qalb qanday kasallanadi? Avvalo shuni ta'kidlash lozimki, qalbning kirlanishi biz o‘ylagandek, moddiy kirlanish emas. Bu ma'naviy kirlanish bo‘lib, gunohlarning bardavom etilishi bilan sodir bo‘ladi. Biz eng kichik gunohlargacha e'tibor bermasak, vaqt o‘tib qalbimizdagi xotirjamlik yo‘qoladi, bizda ruhiy barkamollik bo‘lmaydi. 

Buning davosi qalbimizni to‘g‘irlash bilan bo‘ladi. Inson o‘z-o‘ziga gunohlardan tiyilaman, har kun yaxshilik qilaman, ibodatda bo‘laman, qaytib xato qilmayman, desa o‘sha kundan yengil bo‘ladi, ruhiy xotirjamlikka erishadi. Qalbimiz to‘g‘irlandimi nafsimiz ham to‘g‘irlanadi. 

Bu ishlarning amaliy natijasini ham ko‘ryapmiz. Misol qilib aytadigan bo‘lsak, Shayxontohur tumanida qanchadan qancha oilalar parokanda bo‘lgan edi. Murg‘ak farzandlar arosatda qolgan edi. Ramazon oyi sharofati bilan, qalblar erigan mahal ularning orasi isloh qilindi, oilalari tiklandi. Bularning barchasi, Ramazon sharofati, bu oyining barokatidandir.

Mavzuga oid