O‘zbekiston | 23:56 / 14.06.2017
17749
3 daqiqa o‘qiladi

Alisher Sultonov: "Lukoyl"ning eski shoxobchalarni sotib olishiga doir gap-so‘zlar uydirma!

"O‘zbekneftgaz" milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisi Alisher Sultonov Rossiyaning "Lukoyl" kompaniyasi eski yoqilg‘i quyish shoxobchalarini sotib olishi haqidagi gap-so‘zlarni qat'iyan rad etdi. Bugun Xalqaro Press-klubda O‘zbekistonning neft va gaz tizimidagi o‘zgarishlar hamda istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu haqda ma'lum qilindi.

Anjumanda qatnashgan "Kun.uz" xodimiga ko‘ra, Sultonov bu borada shunday degan: 

"Lukoyl"ning kimningdir yoqilg‘i quyish shoxobchalarini xarid qilishi - uydirmadan boshqa narsa emas! "Lukoyl" - o‘z korporativ siyosatiga ega bo‘lgan nufuzli kompaniya, shu bois hech qachon bunday qilishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Kompaniya yangi joy sotib olib, o‘sha yerga yangi shoxobcha quradi". 

U bunday mish-mishlarning negizi sobiq UzGazOil yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i ishchilariga borib taqalishi mumkinligini aytdi va UzGazOil aksiyalarining 100 foiz "O‘zbekneftgaz"ga tegishli bo‘lganini yodga soldi. Bu mavzu atrofidagi gap-so‘zlarga chek qo‘yish maqsadida A.Sultonov qo‘shimcha izoh berib o‘tdi. 

"Biz tuzilmani yangiladik, ya'ni ko‘p sohalarda ikki bosqichli boshqaruv tizimiga o‘tayapmiz. Bu esa ba'zi trestlarning qisqarishini ko‘zda tutadi. Suyuq uglevodorodlarni qayta ishlash, neft mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya, ya'ni "O‘zneftmahsulot" turganda UzGazOil'ning nima keragi bor?!", - deya izoh berdi Sultonov. 

Nima uchun "Lukoyl"ning Toshkentdagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi ochilishi ortga surilayotgani to‘g‘risidagi savolga "O‘zbekneftgaz" rahbari hal qilinmagan tashkiliy masalalar borligini, yaqin orada ularning o‘z yechimini topishini ma'lum qildi. Shuningdek Alisher Sultonov "Lukoyl" yoqilg‘isi sifat jihatdan yuqori bo‘lishi va tabiiyki, narxi ham shunga muvofiq bo‘lishini aytdi. 

Mavzuga oid