O‘z kompaniyasidan quvilgan 5 mashhur rahbar
Yirik kompaniyalar sarmoyachilarsiz o‘z faoliyatini rivojlantira olmaydi. Sarmoyachilar esa direktorlar kengashi tarkibiga kirib, o‘z "qoida"larini o‘rnata boshlashadi. Ba'zan shunday bo‘ladiki, ularning fikrlari kompaniyalar asoschilari pozitsiyasiga to‘g‘ri kelmaydi - kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda esa, rahbar iste'foga chiqadi. InsiderPro o‘z korporatsiyasidan quvilgan eng mashhur besh direktor haqidagi ma'lumot bilan bo‘lishdi. Ularning ba'zilari lavozimiga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.
Trevis Kalanik, Uber
Trevis Kalanik kompaniyaning korporativ madaniyati va ishchilarni kamsitish holatlariga qarshi kechgan davomli tergovlardan keyin iste'foga chiqishga majbur bo‘lgan. U 2009 yilda Garret Kemp bilan hamkorlikda "Uber"ga asos solgan.
O‘shandan buyon kompaniya misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishdi: Uber dunyoning 58 mamlakatida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, kompaniya 69 milliard dollardan ortiqqa baholanadi. Afsuski, jamoadagi jinsiy zo‘ravonlikka doir ko‘plab mojarolar Kalanikka Uber rahbari lavozimidagi faoliyatini davom ettirishga imkon bermadi.
Stiv Jobs, Apple
1985 yilda o‘sha paytlardayoq milliard dollarga baholangan Apple kompaniyasida qator o‘zgarishlar ro‘y berdi. 30 yoshli Stiv Jobs va Jon Skalli o‘rtasida hukumat uchun kurash avj oldi, buning natijasida direktorlar kengashi Jon Skallini yoqladi va Jobsni kompaniyadan haydash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shunday bo‘lsa-da, keyinroq Stiv Jobs Apple'ga qaytdi va chin ma'noda uni qutqardi.
Jobs iste'fo davrida keyinchalik mashhur animatsion studiyaga aylangan NeXT va Pixar kompaniyasiga asos soldi.
Jyek Dorsi, Twitter
Jyek Dorsi 2006 yilda o‘z hamkasblari - Evan Uilyams, Biz Stoun va Noa Glass bilan birgalikda Twitter'ga asos soldi. U 2008 yilga qadar kompaniyaning bosh direktor lavozimida faoliyat yuritdi, keyin esa samara ko‘rsatmagani uchun iste'foga chiqarildi va boshqaruv raisi lavozimiga tayinlandi. Twitter'ning yangi rahbari lavozimini esa Uilyams egalladi.
Aytishlaricha, Dorsi liboslar dizayni va yoga bilan haddan tashqari qiziqib, Twitter'ga e'tibor qaratmay qo‘ygani uchun ham o‘z lavozimini yo‘qotgan.
Jyerri Yang, Yahoo!
1994 yilda Jyerri Yang va Devid Filo boshqa saytlar katalogidan iborat Jerry and Dave's Guide to the World Wide Web ("Jyerri va Deyv jahon o‘rgimchak to‘ri gidi")ni o‘ylab topishdi. Tez orada loyiha tanildi va "Yahoo!" deya qayta nomlandi.
Yang 2000-yillarga qadar - kompaniya kapitalizatsiyasi 22 milliard dollardan oshganda o‘z sayti o‘sishidan bahra olgan. Biroq tez orada muammolar boshlangan. "Google" kompaniyasi "Yahoo!"ga jiddiy raqobat tug‘dirgan. Yang kompaniyani 44,6 milliard dollarga sotish imkoniga ega bo‘lgan, biroq bundan bosh tortgan va tanqidlar ostida qolgan. Oxir-oqibat, 2009 yilda u o‘zining rahbarlik lavozimini tark etishga majbur bo‘ldi. 2012 yilda esa Jyerri Yang kompaniyadagi barcha lavozimlaridan iste'foga chiqayotgani e'lon qilindi.
Martin Eberxard, Tesla
Dunyo Ilon Maskka benihoya havas qiladi, ammo uning hamkasbi Martin Eberxard haqida ko‘pchilik hatto eshitmagan ham. Sport avtomobillariga juda qiziqqan bu muhandis 2003 yilda Maskka Tesla kompaniyasiga asos solishga yordam bergan.
Eberxard 2007 yilga qadar kompaniyaning bosh direktori lavozimini egallagan, biroq keyin uni maslahatlashuv kengashi rahbari lavozimiga o‘tkazishgan. 2008 yilda u kompaniyani butunlay tark etishiga to‘g‘ri kelgan. U iste'fodan keyin shartnomani buzganlik uchun Tesla va Ilon Maskni sudga bergan. Natijada bu ish sud hukmisiz hal etilgan.