Fan-texnika | 21:56 / 08.11.2024
2745
2 daqiqa o‘qiladi

iPhoneʼning yangi funksiyasi politsiyachilarning zarariga ishlamoqda - OAV

Detroyt politsiyasiga ko‘ra, Apple o‘z smartfonlarini majburiy o‘chirib-yoqish funksiyasi orqali uni begonalar buzib kirishidan himoya qilmoqda.

Foto: Getty Images

Apple kompaniyasi iPhoneʼni majburiy o‘chirib-yoqish orqali uni buzib kirishlarini qiyinlashtirgan bo‘lishi mumkin. 404 Media nashri bunga e’tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, jurnalistlar Detroyt (Michigan shtati) politsiyasi xodimlari uchun mo‘ljallangan ichki ko‘rsatma bilan tanishib chiqqan. Politsiya bo‘linmalari rahbarlarining so‘zlariga ko‘ra, iPhone qurilmalari saqlanish davomida kutilmaganda o‘chib-yonishi mumkin — bu esa uni blokdan chiqarish jarayonini qiyinlashtiradi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan Apple smartfonlarida ikkita holat mavjud — foydalanuvchi tomonidan yoqilganidan keyin blokdan chiqarilgan (After First Unlock, AFU) yoki yongan, ammo hali blokdan chiqarilmagan (Before First Unlock, BFU) vaqti. Aniqlanishicha, musodara qilingan telefonlar mobil aloqa tarmog‘idan uzilsa, o‘chib-yonishi mumkin — bu holatda uni «brutfors» usuli orqali blokdan chiqarish yanada qiyinlashadi. Bu esa politsiyachilarga tergov olib borishda muammo tug‘diradi.

Aftidan, mazkur funksiya iOS 18 operatsion tizimida paydo bo‘lgan. Politsiyachilar hisobotida jinoyatchilardan musodara qilingan bir qancha Apple smartfonlari haqida so‘z boradi. iOS 18 da ishlovchi qurilmalardan biri kutilmaganda o‘chib-yongan — shundan keyin boshqa qurilmalarda ham shu kabi holat kuzatilgan.

Politsiya xodimlariga iOS 18 o‘rnatilgan smartfonlarni boshqa gadjetlardan yakkalash tavsiya etilgan — mas’ullar bunday qurilmalar boshqa telefonlarga ham shu kabi «buyruq berishi mumkinligi»dan xavotirda.

Mavzuga oid