Jamiyat | 09:08 / 08.07.2017
52712
16 daqiqa o‘qiladi

Ostona mo‘'jizalari: yangilangan poytaxt taassuroti

Bu safar Qozog‘istonga to‘rtinchi marta kelishim. Avval uch marta Olmaota shahrida bo‘lgandim. Bu safar ham Ostonaga Olmaota orqali uchdim. Air Astana aviakompaniyasi yangi bo‘lsa ham (2002) xizmatni yaxshi yo‘lga qo‘yibdi, deya yozadi jurnalist Davronbek Tojialiyev o‘z blogida. 

Olmaota  aeroportida chekuvchilar uchun maxsus zal ochishibdi. Lekin… Zalga shu qadar oro berishibdiki, yozuvini ko‘rmasangiz bir kirib chiqqingiz keladi: oppoq nafis mebellar, yumshoq o‘rindiqlar, modern uslubidagi dizayn, chekuvchilar xuddi restoranda o‘tirgandek bir-birlari bilan chaqchaqlashib, zahar yutishmoqda. Chekishning zararligi haqida bironta yozuvni ko‘rmadim.

Almati aeroportidagi chekish xonasi

Menga desa bunaqa xonani odam kirsa hayiqadigan qilish kerak: qop-qorong‘i xona, chekish oqibatida yuzaga keladigan kasalliklarning xunuk tasvirlari, odam o‘tirishga ham jirkanadigan o‘rindiqlar, “cheksang – o‘lasan!” yozuvi…

Chekuvchilarga tegib ketmasin. Bu yerda urg‘u chekish aks targ‘ibiga qaratilmoqda. Aslida bunday xonalar chekishni taqiqlash maqsadida tashkil etiladi. Bu holatda esa ayni targ‘ibot bo‘lib qolgan.

Ostona — yangi poytaxt

Ostona xalqaro aeroporti Nursulton Nazarboyev nomida ekan. Yelbasi (elboshi, 2010 yildan rasmiy titul) tirikligidayoq Qozog‘istonda universitet, kutubxona, maktablar, davlat idorasi (Nazarboyev markazi), park, orden, cho‘qqi, shuningdek, lola navi uning nomiga qo‘yilgan. Olmaota va Cho‘lponotada haykallari bor. Iordaniya, Turkiya, Checheniston va Tataristonda Nursulton Nazarboyev ko‘chasi mavjud.

“Expo 2017” pavilonlariga kirish qismi. «Nur Olam» paviloni

Ostona meni osmono‘par binolari bilan qarshi oldi. Bu yil o‘tkazilayotgan “Expo 2017” xalqaro ko‘rgazmasi munosabati bilan shaharda katta qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarilibdi. Shahar markazi tomon borilishi bilan binolar balandlashib ketaveradi. 2016 yili Ostonada MDH davlatlari orasida eng baland — 88 qavat, 388 metrli “Abu-Dabi Plaza” majmuasi qurildi.

Ostona yosh shaharlardan biri (1835 yili asos solingan). Bungacha u Akmolinsk, Tselinograd, Akmola nomlari bilan atalgan. 1998 yil 10 iyundan Qozog‘iston Respublikasi poytaxti. Dashtda joylashgan ushbu shahar 1 millionlik aholisi bilan Olmaota va Chimkentdan keyingi o‘rinda turadi.

Tungi Ostona. Ishim daryosidan Ostona Markazining ko‘rinishi

Qozog‘iston poytaxtining janubdan shimolga ko‘chirilishi milliy siyosat bilan bog‘liq bo‘lib, shimolda ham qozoq tili va millatiniing o‘rnini oshirish maqsad qilingan. Ostona shahrida 1989 yili 281 ming aholining 54 foizini ruslar, atigi 17 foizini qozoqlar tashkil etgan bo‘lsa, 2016 yili ruslar umumiy aholining 15,31 foizini, qozoqlar 75,51 foizni tashkil etdi.

Ostona xuddi Vashington kabi ma'muriy shahar. Bu yerda asosan hukumat binolari, vazirliklar, tashkilotlar joylashgan. Shahar iqtisodiyotining asosini savdo, transport, aloqa va qurilish tashkil etadi. Qozog‘iston iqtisodiyotining savdo sektori bo‘yicha Ostona Olmaotadan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. Mamlakatdagi eng katta qurilishlar ham shu yerda amalga oshirilmoqda.

Ostonaning yuragi

Ostona shahrining eng go‘zal binosi, menimcha Hazrati Sulton jome' masjididir. Shahar markazida joylashgan ushbu masjid Markaziy Osiyodagi kattaligi bo‘yicha Turkmanistondagi “Turkmanboshi ruhiyati” masjididan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadigan jome'dir. Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, masjid qaysidir arab shayxining homiyligida qurilgan. Ammo masjidning kirish qismida masjidning Elboshi Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan qurilgani yozib qo‘yilgan. “Hazrati Sulton” nomini ham Elboshi taklif qilgan ekan (Hazrati Sulton – Ahmad Yassaviyning unvonlaridan biri).

“Hazrati Sulton” jome' masjidi

“Hazrati Sulton” masjidi 2012 yili ochilgan. 11 gektar maydonni egallaydi. Bir vaqtning o‘zida 14000 namozxonni bag‘riga sig‘dira oladi. 51 metr balandlik va 28 metr diametrdagi gumbazi, 4 ta 77 metrlik minoralari va kichik gumbazlari mavjud. Majmuada nikoh zali, Qur'oni karim va boshqa ilmlarni o‘rganish xonalari mavjud.

Masjidga tungi soat birda kirdim. Yarim kechasi ham ochiq va namozxonlar borligi quvontirdi.

“Hazrati Sulton” jome' masjidi bosh imomi, Qozog‘iston musulmonlari idorasi rahbarining o‘rinbosari, muftiy Oraz Serikbay Satibaldiuli Toshkent shahridagi hofizi Qur'onlar tayyorlash madrasasida (1990-1992) o‘qigan ekan.

“Nur Astana” jome' masjidi 2012 yilga qadar Qozog‘istonning eng katta masjidi sanalardi. 2002-2005 yillarda qurilgan ushbu muhtasham jome' livanlik arxitektor Charlz Xazif loyihasi asosida Qatar davlati ko‘magida barpo etilgan. Umumiy maydoni 3930 kv.metr. Masjidda bir vaqtning o‘zida 5000 kishi ibodat qila oladi. Masjid yonida madrasa ham mavjud.

“Nur Astana” jome' masjidi

“Nur Astana” jome' masjidi imomi, Ostona shahar bosh imomi Naurizbay Taganuli Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida o‘qigan ekan.

«O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat»

26-27 iyun kunlari Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Qozog‘iston Respublikasi Milliy akademik kutubxonasi va Qozog‘iston madaniyat ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etgan «O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat» («Readning nation in the reading world» | «Oqu әlemіndegі oqyrman ұlt» | «Chitayushchaya natsiya v chitayushchem mire») xalqaro simpoziumida qatnashdim.

Butun dunyodan 400 nafar ziyolini jamlagan ushbu anjumanning birinchi kunida “Mutolaa va tafakkur”, “Bolalar va yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib etish”, “Biz nega o‘qiymiz?”, “XX asrgacha bo‘lgan turkiy manbalar” kabi mavzularda qiziqarli ma'ruzalar va “Milliy axborot siyosati va xalqaro hamkorlik jarayonida milliy kutubxonalar”, “Kutubxonalar va muzeylar: ularning jamiyatdagi roli”, “Bolalar adabiyoti va zamonaviy ta'lim: tendensiyalar va istiqbollar”, “Jahon axborot tarmog‘idagi manbalar integratsiyasi”, “Turkiy xalqlar madaniy aloqalari” mavzularida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

“KazMunayGaz” neft-gaz kompaniyasi binosi

«O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat» xalqaro simpoziumi doirasida “5-Turkiy tilli o‘lkalar milliy kutubxonalari rahbarlari xalqaro konferensiyasi” ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiyada «Elektron kutubxona ma'lumotlar bazasini saqlashning muhim xususiyatlari» mavzusida ma'ruza qildim va Ziyouz elektron kutubxonasi haqida taqdimot o‘tkazdim.

Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tatariston, Boshqirdiston, Gagauziya, Saxa Respublikasi milliy kutubxonalari kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdilar.

“Bir mamlakat — bir kitob”: hatto qamoqxonalarda ham o‘qishmoqda

Qozog‘iston Respublikasi Milliy akademik kutubxonasi direktori o‘rinbosari Aliya Kojabekovaning aytishicha, Qozog‘istonda 2007 yildan beri “Bir mamlakat — bir kitob” aksiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda ekan. Bunda bir yil davomida butun mamlakat bo‘yicha bitta kitob targ‘ib qilinadi va hamma o‘sha kitobni o‘qiydi, muhokama qiladi. Abaydan boshlangan loyiha orqali 11 yildan beri qozoq ziyolilari asarlari xalqqa tanitib borilmoqda. Yozuvchi-shoirlar, olimlar, jamoat arboblaridan iborat komissiya har yili o‘qiladigan muallif va uning kitobini belgilab beradi. Dastlabki yili bu loyihada 70000 kishi ishtirok etgan bo‘lsa, so‘nggi yilda 3 million kishi qatnashibdi.

— Informatsion qamrov kuchaygan zamonda bunga osonlikcha erishib bo‘lmaydi, — deydi Aliya Kojabekova, — Mamlakatdagi har bir kutubxona yil kitobini targ‘ib etishga hissa qo‘shmoqda. Turli konferensiya, tadbirlar, ma'ruzalar, tok-shoular, teatr postanovkalari, tanlovlar tashkil etamiz. Asarning elektron versiyasini turli formatlarda (matnli, ovozli) tayyorlaymiz. Maxsus mobil ilova tashkil etganmiz. Shahardagi barcha avtobus bekatlarida ilova QR-kodlarini joylashtirganmiz. Respublika radiosida har hafta 1 soat jonli efirda kitobxonlikni targ‘ib qilamiz. Yil kitobi bo‘yicha fleshmoblar o‘tkazamiz. Dastlabki yillari bu aksiya faqat kutubxonalar doirasida bo‘lgan edi. Hozir uning qamrovi butun mamlakatga yoyildi. Hatto qamoqxonalarda ham o‘qishmoqda.

O‘ziborar kutubxona

Menga Rossiya Federatsiyasining Saxa Respublikasi milliy kutubxonasi tashkil etgan “adabiy piknik” tajribasi ham ma'qul keldi. Kutubxona direktori o‘rinbosari Mariya Andreyevaning aytishicha, respublikaning ko‘p  hududlarida internet mavjud emasligi sababli kutubxonalarga ehtiyoj katta. “Adabiy piknik” loyihasi orqali ular ulus(tuman)lardagi qishloqlarga ko‘chma kutubxonalarni olib borib, adabiy tadbirlar o‘tkazishmoqda ekan.

— Ochiq osmon ostidagi kitob muzeyida o‘quvchilar orasida eng yaxshi kitobxon, eng yaxshi yosh shoir, yozuvchi va tarjimonlar tanlovlarini, yangi kitoblar taqdimotini, asarlar muhokamasini o‘tkazamiz. Yana respublikamiz ziyolilari, davlat va jamoat arboblari tomonidan o‘qilishi shart bo‘lgan 100 ta kitob ro‘yxati tuzib chiqilgan. Ushbu kitoblarning barchasi elektronlashtirilgan va kutubxonamiz saytida taqdim etilgan. Hozirda Saxa  Respublikasi Rossiyadagi eng kitobxon regionlar beshligiga kiradi, — deydi Mariya Andreyeva.

Shamol va quyosh energiyasidan quvvt oluvchi ko‘cha yoritgichlari

Eng kitobxon shahar bo‘lish sari

Ostonaning diqqatga sazovor joylari va deyarli barcha transport bekatlarida «Astana – Bilimland» onlayn-loyihasi ijtimoiy reklamasini ko‘rib quvondim. Bu loyiha «WikiBilim» fondi tomonidan Astana shahri hokimiyati ko‘magida amalga oshirilayotgan bo‘lib, qozoq tilidagi barcha adabiy va ilmiy adabiyotlarni elektronlashtirib, xalqqa bepul taqdim etishni maqsad qilgan.

Hozirda 10000 dan ortiq kitob (1500 audiokitob, 400 audioertak) raqamlashtirilib, E-PUB formatda tayyorlanibdi. 150000 so‘z va birikmalardan iborat qozoq tili universal lug‘ati ham loyihaga biriktirilgan. Asar mualliflari va huquq egalari bilan uni bepul havola etish bo‘yicha kelishuvlar olib borilmoqda ekan.

Loyiha tashkilotchilarining aytishicha, «Astana – Bilimland» xizmatidan foydalanish uchun internetga ulangan mobil qurilma bo‘lsa kifoya. Bekatlardagi bannerlarda joylashgan QR-kodni faollashtirish orqali kitobni telefonga saqlab olish mumkin. Shuningdek, mobil ilovani o‘rnatib, kitoblarni audio formatda eshitish va internet yo‘q bo‘lgan paytda ham foydalanish mumkin.

* * *

Odatda, safarga chiqarkanman, albatta, o‘sha yurtning matbuoti bilan qiziqaman, aeroport, samolyot va mehmonxonalarda gazeta va jurnallarni o‘qiyman, o‘rganaman. Qozog‘istonda matbuot bizdan ko‘ra yaxshi rivojlangan va ancha erkin. Aholi soni bizdan deyarli ikki baravar kam bo‘lsa-da, gazetalar tiraji u qadar kam emas. Eng katta siyosiy gazeta «Yegemen Qazaqstan» 200 000 nusxada chiqadi. Boshqa siyosiy, ijtimoiy gazetalarning adadi ham 100 000 ga yaqin.

Toshkentga qaytishda “Karavan” gazetasini o‘qib keldim. Gazetaning bosh maqolalaridan biri Qozog‘istonda hali ruxsat etilmagan, qonun loyihasi ko‘rib chiqilayotgan “xususiy detektivlik faoliyati” to‘g‘risida bo‘lib, gazetaga ko‘ra, bu faoliyat bilan Olmaota va Ostonada allaqachon faoliyat yuritayotgan byurolar mavjud. Byuro vakillarining aytishicha, ular asosan iflos ishlar (er-xotin xiyonati, o‘ynashlar muammolari) bilan shug‘ullanishadi. Ostonalik Forbes milliarderlaridan birining sobiq fohisha bo‘lgan xotini hozirda ham xiyonat qilayotgani, bir-birini xiyonatda ushlab olayotgan boylar haqida ochiq-oydin yozilibdi.

* * *

Menimcha, Toshkent xalqaro aeroporti yo‘lovchilarni eng ko‘p tekshiradigan havo bandargohi bo‘lsa kerak:

1. Aeroport tashqarisida fuqaro kiyimidagi xodim pasport va biletni tekshirdi.

2. Shu yerdagi metal detektordan o‘tishda militsiya xodimi pasport va bagajni tekshirdi.

3. Aeroport zaliga kirishda militsiya xodimi pasport va biletni tekshirdi.

4. Ichkariga kirishda aeroport xodimi biletni va bagajni rentgendan o‘tkazib tekshirdi.

5. Aviakompaniya xodimi uchish talonini olishda pasportni tekshirdi.

6. Bojxona xodimi bagajni rentgendan o‘tkazib, pasport, uchish talonini tekshirib, deklaratsiyani olib qoldi.

7. Xavfsizlik xodimi chegara oynasiga o‘tish oldidan pasport va uchish talonini tekshirdi.

8. Chegara noziri pasport va uchish taloniga uzoq termulib, muhr bosib berdi.

9. Xavfsizlik xodimi so‘nggi xavfsizlik nazoratidan avval pasport va uchish talonini tekshirdi.

10. Xavfsizlik noziri pasportni alohida ro‘yxatga solishtirib, tekshirib, muhr urdi.

11. Xavfsizlik xodimlari bagajni rentgendan o‘tkazib, o‘zimni paypastlab tekshirishdi.

12. Samolyotga chiqishdan avval aviakompaniya xodimi uchish talonini tekshirdi.

Hammasidan oson o‘tib oldim. Ortiqcha savol berib, boshimni qotirishmadi. Xayriyatki, alohida bagaj va shaxsiy tekshiruvga chaqirishmadi (ushbu ikki tekshiruv bojxona nazoratidan so‘ng yo‘lovchi xavfsizlik xodimlari shubhasiga sabab bo‘lganda qo‘llaniladi). Aks holda tekshiruvlar soni yana 2-3 taga ortardi. Aeroport zalida ham militsiya xodimlari ba'zi ayollarning pasportini tekshirayotganiga guvoh bo‘ldim.

Menimcha, bu tekshiruvlar judayam ko‘p. Dunyodagi eng katta havo bandargohlaridan Kennedi aeroportida (Nyu-York), Otaturk aeroportida (Istanbul) va boshqa ko‘plab aeroportlarda bo‘lganman. Mana shunday tekshiruvlar ro‘yxati 5-6 tadan oshmaydi. Ostona aeroportida quyidagicha tekshirishdi:

1. Aeroportga kirishda bagaj rentgen tekshiruvidan o‘tdi.

2. Uchish talonini olishda pasport tekshiriladi. Men elektron registratsiya qilganim uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegara postiga yo‘l oldim.

3. Chegara xizmatiga kirish oldidan pasport va bilet tekshirildi.

4. Chegara xizmatida pasport, migratsion karta va uchish taloni tekshirilib, muhr bosildi.

5. Xavfsizlik xizmatida bagaj, pasport va uchish taloni tekshirildi.

6. Uchoqqa minish oldidan pasport va uchish taloni tekshirildi.

Qoyil! Toshkent xalqaro aeroportidan 8 minutda chiqdim. Bojxonachi kitoblaringiz qanaqa deb tekshirmaganda 5 minutda chiqardim. Bunga sabab:

– Ostonada uchish talonini internet orqali ro‘yxatdan o‘tkazib, samolyotning old tarafidan o‘zimga qulay joyni oldim.

– Bagajga topshirmadim. Qo‘l yuki oldim xolos.

– Samolyot old tarafida ekanligim uchun tez chiqdim.

– Chegarachi nimaga bordingiz, qachon deb savol bermadi. O‘tgan yili Turkiyadan qaytganimdek pasportni alohida xonaga olib kirib tekshirmadi.

– Pasport nazorati tartibga tushibdi. Alohida xodim navbatni nazorat qilyapti. Barcha 8 ta yo‘lak ishlayapti.

Barchaga xayrli parvozlar!

Toshkent – Olmaota – Ostona – Toshkent
25-27 iyun, 2017 yil

Mavzuga oid