O‘zbekiston | 16:20 / 15.07.2017
24442
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda viloyat hokimi Uzun va Sariosiyo tumanlari xalqi bilan uchrashdi

Bugun Surxondaryo viloyat hokimi va viloyat davlat tashkilotlari rahbarlari Uzun va Sariosiyo tumani xalqi bilan uchrashishdi.

Tushdan keyin Sariosiyo tumanidagi 66-ixtisoslashgan maktab-internatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni ochar ekan, Surxondaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov o‘zi bilan viloyatdagi barcha mutasaddi rahbarlar ham kelganiga alohida ta'kidlab o‘tdi.

«Bugun shu yerga to‘plangan har bir sariosiyolikning muammo va takliflarini kechgacha bo‘lsa ham o‘rganmasdan ketmaymiz, har biringizning murojaatingizni eshitib, o‘rganib chiqamiz. Har bir murojaat qayd qilinib, yozib olinadi, ijrosi va nazorati hal bo‘lganga qadar kuzatilib boriladi», — deb ta'kidladi E.Turdimov.

Qayd etib o‘tish joizki, «2017 yil — Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» doirasida o‘tkazilayotgan ushbu uchrashuv viloyat rahbari boshchiligida barcha tumanlarda bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, bunday uchrashuvlarning o‘tkazilish sanasi, joyi va vaqti avvaldan viloyat teleradiokompaniyasining «Surxondaryo» teleradiokanali orqali e'lon qilib borilmoqda.

«Uzun tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuv mobaynida eng ko‘p murojaat turar joy uchun yer  ajratish mavzusida bo‘lib o‘tdi. Endi bu masalada tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga ariza bilan murojaat qilishlaringizni so‘rayman. Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi mahalladagi maslahatchi ayollar bilan birgalikda yer uchastkalarga chindan ham muhtoj oilalarni aniqlab beradi va ro‘yxat tuzadi. Chunki ayol kishi ko‘ngilchan bo‘ladi va ular bu masalada aldashmaydi. Men bu masalani ularga ishonaman», — dedi E.Turdimov.

«Sug‘oriladigan yerlardan uchastka ajratilmasligini ta'kidlayman. Sug‘oriladigan yerlar faqat dehqonchilik uchun. Suv chiqmaydigan, lekin yaroqli yerlarda turar joy massivlari barpo etamiz va unday joylarga davlat yo‘l, ichimlik suvi va elektr toki o‘tkazib beradi. Gaz ta'minoti esa ballonlar vositasida bo‘ladi. Massivning o‘rtasida kelajakda maktab barpo etish uchun hudud qoldiriladi. 

Uy-joylar chin yetimlarga va o‘ta nochor oilalarga shunday, hech qanday to‘lovlarsiz beriladi. Kam ta'minlangan oilalarga esa yopiq auksion orqali, birlamchi, arzonlashtirilgan narxda ajratiladi. Qolganlar oddiy auksion orqali xarid qiladi. Tuman arxitektori yer tuzuvchilar bilan borib, qoziq qoqib xaridorlarga bo‘lib berishadi», — deb masalani tushuntirdi viloyat hokimi.

Shundan so‘ng xalq bilan muloqot uchun kelgan viloyatdagi rahbarlar birma-bir tanishtirib chiqildi va ular o‘zlariga tegishli sohalar bo‘yicha, xususan, viloyat hokimi E.Turdimovning o‘zi ham fuqarolarning muammo va takliflari bilan shaxsan tanishib chiqish uchun birma-bir qabulni boshlashdi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid