O‘zbekiston | 18:00 / 21.07.2017
47273
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston 24» telekanali qachon ish boshlashi aniq bo‘ldi

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarkibida tashkil qilingan yangi formatdagi yangiliklar telekanali bo‘lmish «O‘zbekiston 24» axborot-tahliliy teleradiokanali keyingi haftadan ish boshlaydi. Bu haqdagi ma'lumot «Kun.uz»ning MTRKdagi manbalari tomonidan tasdiqlangan.

Yangi kanal 24 iyuldan efirga chiqadi. Telekanal efirlari dastlab yozib olingan holda efirga uzatiladi. 

«Ayni vaqtda telekanal faoliyati yo‘lga qo‘yilishi uchun ishlar qizg‘in. Barchasi 24 iyulga qarab ketmoqda», deya ma'lumot bergan «Kun» manbasi. U telekanal ochilishi prezident Shavkat Mirziyoyevning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri kelishiga e'tibor qaratgan.

Ushbu telekanal «Diyor» telekanali va «Toshkent» radiokanallarining chastotalarida efirga chiqadi. Telekanal xodimlari soni 251 kishi bo‘lishi belgilangan. 

Telekanal SD va HD formatlarida efirga uzatiladi. Uning HD formatidagi translyatsiyasi mamlakatda ushbu formatga to‘liq o‘tilgunga qadar parallel ravishda UzHD kanalida ham amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu axborot-tahliliy telekanali tashkil etilishi haqida may oyida ma'lum bo‘lgandi. Avvaliga telekanal 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni ish boshlashi kutilgandi. 27 iyun kuni esa telekanal «tez kunda ish boshlashi» aytildi.

«Axborot», «Davr» va «Poytaxt» informatsion dasturlari yopiladi

Mavzuga oid