Jahon | 15:47 / 25.07.2017
110138
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qamoqxonalarida qancha o‘zbekistonlik borligi ma'lum bo‘ldi

Foto: RIA "Novosti"

2017 yil birinchi yarim yilligida Rossiya axloq tuzatish koloniyalarida 29 ming 397 nafar xorijlik fuqaro jazo muddatini o‘tamoqda. RT telekanali Jazoni o‘tash federal xizmati taqdim etgan ma'lumotlarga asoslangan holda shu haqda xabar qilmoqda. 

2016 yilda Rossiya qamoqxonalarida 29 822 xorijlik fuqaro bo‘lgan, 2015 yilda bu raqam 28 714 kishini tashkil etgan.

Xorijlik mahbuslarning 90 foizi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlari uchun jazolanishgan. Ular giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, qotillik, bosqinchilik, qasddan sog‘liqqa og‘ir shikast yetkazish, nomusga tegish va o‘g‘rilik kabilarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. 

Ma'lum qilinishicha, MDH mamlakatlari orasidan Rossiya qamoqxonalarida ko‘pchilikni tashkil etuvchilar tojikistonliklardir. 2017 yilning ilk olti oyida Tojikistonning 8002 fuqarosi jazo muddatlarini o‘tayotgan edi. Bu borada ikkinchi o‘rinda o‘zbekistonliklar ekani aytilmoqda. Hisobot davrida Rossiya qamoqxonalaridagi o‘zbeklar 6362 kishini tashkil etgan. Uchinchi o‘rinda ukrainlar — 4761 kishi va to‘rtinchida — 2350 kishi bilan ozarboyjonliklardir. 

«Vatandosh» mintaqalararo o‘zbek jamoatchiligi uyushmasi rahbari Usmon Baratovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada tez-tez jinoyat sodir etib turishadi. Biroq, uning fikricha, ko‘plab o‘zbeklar tuhmat qurboni ham bo‘lishadi. 

«Ayrimlarining zimmasiga jinoyatlarni yuklashadi, — degan Baratov RT bilan suhbatda. — Men hozir Istraga ketayapman, u yerda yaqinda O‘zbekistonning 5 fuqarosini qamashgan. Ular go‘yoki keksa kampirni zo‘rlamoqchi bo‘lishgan. Aslida, 62 yashar uy-joyi yo‘q piyonista kampir ulardan pul so‘ragan, ular berishni rad etishganda, shunday ariza yozishini aytgan».

Telekanalning qayd etishicha, JO‘FX ma'lumotlari Rossiyaga ishlashga kelayotgan xorijliklarga doir raqamlar bilan qiyoslanadi. Masalan, 2016 yili 925 948 (2015 yilda 930 100 kishi) o‘zbekistonlik Rossiyada ishlash uchun patent olgan. Bu borada ikkinchi o‘rinda Tojikiston turadi. O‘tgan yili respublikaning 433 137 fuqarosi Rossiyada ishlash huquqini qo‘lga kiritgan. Patent oluvchilar orasida uchinchi o‘rinda ukrainaliklardir. 

2017 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, Rossiya qamoqxonalarida jami 618 490 kishi jazoni o‘tamoqda. Ulardan 48 ming 385 kishi ayollar, 1 594 kishi voyaga yetmaganlardir.

 

Mavzuga oid