O‘zbekiston | 13:09 / 19.09.2017
20093
4 daqiqa o‘qiladi

Vazirliklar va hokimliklar faoliyatining ochiqligi baholanmoqda

Illyustrativ surat

O‘zbekiston Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, faoliyatining monitoringini olib borish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi sayti — ochiqlik.uz tashkil etilgan va ishlab turibdi.

Saytda Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini baholash parametrlari e'lon qilingan.

DH va BO faoliyatining ochiqligini baholash O‘zbekiston Respublikasi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan quyidagi uchta komponent kesimida amalga oshiriladi:

1) Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashga mas'ul bo‘lgan sub'yektlar faoliyatini baholash, unda quyidagi faoliyat baholanadi:

  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining ochiqlikni ta'minlash sohasidagi faoliyati (ko‘pi bilan - 16 ball);
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlarining ochiqlikni ta'minlash sohasidagi faoliyati (ko‘pi bilan - 10 ball) .

2) Ochiqlikni ta'minlashning aniq usullari samaradorligini baholash, unda faoliyatning ochiqligini ta'minlashni o‘z ichiga olgan quyidagi usullar samaradorligi baholanadi:

  • rasmiy veb-saytning faoliyat yuritishi (ko‘pi bilan - 29 ball);
  • axborot stendlari va (yoki) shunday maqsad uchun mo‘ljallangan boshqa texnik vositalar yordamida axborot taqdim qilish (ko‘pi bilan - 12  ball);
  • axborot olish bo‘yicha so‘rovlarning ko‘rib chiqilishi (ko‘pi bilan - 8 ball);
  • DH va BOning ochiq hay'at majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir bo‘lishi uchun sharoitlar yaratilganligi (ko‘pi bilan - 6 ball);
  • faoliyati to‘g‘risidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali taqdim etish (ko‘pi bilan - 4 ball).

3) Axborotdan foydalanuvchilarning qanoatlanganlik holatini baholash, DH va BO axborot xizmatidan foydalanuvchilar orasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazish yo‘li bilan baholanadi (ko‘pi bilan - 15 ball.)

Bunda jami to‘planadigan maksimal ballar miqdori 100 ballni tashkil etadi. Qanoatlantiradigan va mumkin bo‘lgan eng kam ko‘rsatkich - 75 ball etib belgilangan.

Saytning «Reyting» bo‘limida Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati «ochiqligi indeksi»ning 2017 yil 1 iyul holatiga bo‘lgan reytingi ham e'lon qilingan.

Reytingga ko‘ra, 52ta davlat tashkilotidan 33tasi qanoatlantiradigan va mumkin bo‘lgan eng kam ko‘rsatkich — 75 balldan yuqori natijani ko‘rsatishgan.

Reytingda eng yuqori bal to‘plagan davlat idoralari — Davlat Soliq qo‘mitasi (96 ball), Markaziy bank (95 ball) va Adliya vazirligi (95 ball) kuchli uchlikni hosil qilishgan.

ochiqlik.uz saytidan olingan skrinshot

Viloyat va shahar hokimliklari ro‘yxatida Toshkent shahar hokimligi 91 ball bilan (7-o‘rin) yetakchilik qilmoqda. Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Andijon va Farg‘ona viloyat hokimliklari va yana bir qator davlat idoralari qoniqarlik ko‘rsatkichga erisha olishmagan.