O‘zbekiston | 20:08 / 20.09.2017
11318
4 daqiqa o‘qiladi

Axborot texnologiyalari vazirligi delegatsiyasi «Silikon vodiysi»da muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi doirasida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi hukumat topshirig‘i asosida Kaliforniya shtatidagi «Silikon vodiysi»da bo‘lib, bu yerda faoliyat ko‘rsatuvchi jahonning nufuzli AT-kompaniyalari bilan hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib bordi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bergan.

Xususan, HP Tech Ventures​ kompaniyasining global startaplari sarmoyadori hisoblangan Vitaliy Golomb bilan uchrashuvda «Silikon vodiysi» misolida O‘zbekistonda texnoparklar eko-tuzilmasi hamda innovatsion markazlar faoliyatini tashkil qilish va qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi. Shuningdek, O‘zbekistondagi AT-startaplar uchun investitsiyalarni jalb qilishning muvaffaqiyatli mexanizmini yo‘lga qo‘yishda hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama diqqat-markazida bo‘ldi.

Amazon Web Services ​ (Amazon kompaniyasining «bulutli xizmatlar» ko‘rsatuvchi infratuzilma platformasi) bosh menejyeri Kamfius Bas bilan o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston hududida quyoshli panellarda ishlaydigan ma'lumotlarni qayta ishlaydigan data-markazlar qurish, shuningdek o‘zbekistonlik foydalanuvchilar uchun Amazon Web Services​ platformasi orqali veb-xizmatlarni ko‘rsatish masalalariga bag‘ishlandi. 

Tarmoqli texnologiyalar, aholi va muassasalar uchun ilg‘or muloqot va aloqa almashish platformalarini ishlab chiqishda jahonda peshqadam hisoblangan Cisco​ kompaniyasining strategiya, texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Doug Vebster bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda «aqlli» va xavfsiz shahar yaratish strategiyasini ishlab chiqishda hamkorlik qilish belgilab olindi. Uchrashuv natijalari bo‘yicha qator yo‘nalishlar bo‘yicha istiqboldagi hamkorlikka oid kelishuv shartnomasi imzolandi. 

«Silikon vodiysi»dagi yana bir muvaffaqiyatli uchrashuvlardan biri Facebook​ kompaniyasining bosh qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Kompaniyani iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha rahbari Kleyr Devi ishtirokidagi muhokamalarda Facebook​ vakillarining O‘zbekistondagi AT-tadbirlarida ishtirok etishi, shu bilan birga, turli yo‘nalishlarda, jumladan, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, startaplarni amalga oshirish kabi ijtimoiy loyihalarda hamkorlik qilish rejalari muhokama qilindi. 

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Facebook​ tarmog‘idagi sahifasiga rasmiy maqom berish bo‘yicha ham kelishib olindi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqdagi davlat xizmatchilarining sahifalarini qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish choralarini ko‘rish yuzasidan hamkorlik o‘rnatilishi belgilab olindi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi «Silikon vodiysi»dagi safari mobaynida Google​ kompaniyasining AT-loyihalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlaydigan Google Launchpad​ dasturi mutasaddilari, jahon miqyosida muvaffaqiyatli g‘oyalarni amalga oshiruvchi biznes-inkubatori — Plug and Play Tech Center​ texnologik kompaniyasi, shuningdek mazkur AT-vodiysida dasturchilar tayyorlashga ixtisoslashgan «42 School​» ta'lim muassasasi asoschisi va vitse-direktori Kvame Yamgnane bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Onlayn to‘lov tarmoqlarini yaratishda yetakchi bo‘lgan Openbucks​ kompaniyasida kompaniya va Toshkent shahridagi Inha universiteti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolanib, amerikalik ekspertlarning o‘zbekistonlik talabalar, dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashuvlarini tashkil qilishga mo‘ljallangan Silicon Valley Talks​ («Silikon vodiysi» kelishuvlari) loyihasi doirasida tashabbuslarni amalga oshirish kelishib olindi.

Mavzuga oid