Jamiyat | 15:30 / 26.09.2017
50176
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning 9 fuqarosi hayotiga zomin bo‘lgan haydovchi 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Qozog‘istonning Oytekebiy tuman sudida avtobus haydovchisi Leonid Yeremeyevga o‘lim holatlariga sabab bo‘lgan YTH uchun hukm chiqarildi.

Joriy yilning 22 iyun kuni Aktyubinsk viloyatining Oytekebiy tumanidagi Samara-Chimkent avtomobil yo‘lida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekistonning 9 nafar fuqarosi halok bo‘lgandi. Mashinada 2 nafar haydovchi va 49 yo‘lovchi bo‘lgan.

Yeremeyev sudda dahshatli YTH haqida batafsil ma'lumot berdi va rulda uxlab qolganligini tan oldi. Natijada, avtomobil boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘lning qatnov qismidan chetga chiqib ketgan.

Haydovchi 5 yil davomida jazo muddatini koloniyada o‘tashga mahkum etildi va 7 yil davomida avtransportni boshqarish huquqidan mahrum qilindi. Bundan tashqari, mahkum davlatga protsessual xarajatlar uchun sarflangan 699 ming tengeni to‘lab berishi kerak.

Mahkum 9 kishi halok bo‘lgan avtohalokat uchun kechirim so‘radi. Uning sherigi ular har 4 soatda bir-birlarini almashtirib turishganini aytgan. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasida omon qolgan fuqarolar sudda qatnasha olmadilar. Marhumlarning bironta qarindoshi haydovchiga moddiy da'vo bilan chiqmadi.

Mavzuga oid