Kim Chen Namni o‘ldirganlikda gumonlanayotgan shaxsning kiyimidan zahar izlari topildi
Ekspert-kimyogarlar KXDR yetakchisi Kim Chen Inning akasi Kim Chen Namning o‘ldirilishi bo‘yicha ishda gumondor sifatida qayd etilgan shaxslardan birining ko‘ylagidan VX asab-falajlovchi modda izlarini topishdi. Bu haqda Malaysian Insight nashri sud ma'lumotlariga asosan xabar bermoqda.
Malayziya Ilm-fan vazirligi Kimyo departamenti tadqiqot bo‘limi boshlig‘i Raja Subramaniamning ma'lum qilishicha, u politsiya tomonidan taqdim etilgan dalillarni kimyoviy izlarni topish maqsadida o‘rgangan.
"Biz Siti Aisyaning yengsiz ko‘ylagida VX moddasining parchalanishi izlarini topdik", - dedi u payshanba kuni sudda. Ekspert keyinchalik fotosuratda ko‘rsatilgan o‘sha ko‘ylakni ham tanidi.
Avvalroq, patologoanatom o‘ldirilgan Kim Chen Namning jasadida mushaklar ishini nazorat qilish uchun javobgar bo‘lgan fermentlar tarkibi past darajada ekanini aniqlagani, bu esa uning zaharlanganini ko‘rsatayotgani haqida xabar bergandi. Gazetaning yozishicha, organizmdagi fermentning yetishmasligi ichki a'zolarning ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, o‘ldirilgan Kim Chen Namning jasadidagi xolinesteraz fermenti past darajasiga zaharlanishdan boshqa narsa ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Dushanba kuni Malayziyaning Shoh-Olam shahrida Kim Chen Namni o‘ldirishda gumon qilingan ikki kishi ustidan sud boshlandi. Sud vetnamlik Zoan Ti Xiong va indoneziyalik Siti Aisyani o‘lim jazosiga mahkum etishi mumkin. Ular 13 fevral kuni Kuala-Lumpur aeroportida Kim Chxol nomiga rasmiylashtirilgan diplomatik pasporti bo‘lgan Shimoliy Koreya fuqarosiga hujum qilishgan. Ular koreyalikning yuziga VX kuchli zaharlovchi moddaning tarkibiy qismlari bo‘lgan moyni surishgani aytiladi.
Janubiy Koreyada halok bo‘lgan shaxs Kim Chen Inning akasi, uzoq vaqtdan buyon Xitoyning Makaosida yashagan Kim Chen Nam ekanini ma'lum qilishdi. Biroq, Pxenyan gap Kim Chen Nam haqida ketayotganini rasmiy ravishda tasdiqlamadi.
Shu bilan birga, internetda o‘zini Kim Chen Namning o‘g‘li sifatida tanishtirgan Kim Xan Sol ismli yigitning video-murojaati e'lon qilindi. U otasi o‘ldirilganini aytgan. Keyinchalik Malayziya politsiyasi DNK namunalari bu shaxs KXDR rahbarining akasi ekanini tasdiqlagani haqida xabar berdi.
Zoan Ti Xiong (28 yosh) va Siti Aisya (25 yosh) o‘z ayblarini tan olishgani yo‘q. Ular maxsus o‘yin uchun ishga yollanganliklarini va Kuala-Lumpur aeroportida o‘zlarining xatti-harakati tufayli halok bo‘lgan insonning kimligini bilishmasligini da'vo qilishdi.
Tergov jarayonida KXDRning o‘zi shubha ostiga olindi, ammo Pxenyan bu hujum Shimoliy Koreyaga qarshi kampaniya davomida to‘qib chiqarilganini iddao etib, ayblovlarni qat'iyan rad etmoqda.
Shimoliy Koreyaning yuqoridagi hodisaga aloqadorlikda gumonlangan bir necha fuqarosi Malayziyadan darhol chiqib ketdi.
Shimoliy Koreya Kim Chen Namning o‘ldirilishini Janubiy Koreya uchun foydali, deb atadi. Aynan Seulda Kim Chen Inning ukasi Malayziyada o‘ldirilgani haqida ilk xabarlar paydo bo‘lgan, so‘ng KXDRga qarshi ayblovlar qo‘yila boshlandi. Bu Janubiy Koreyaning prezidenti Pak Kin Xe atrofidagi yirik korrupsiya mojarosi bilan bog‘liq tergov avjiga chiqqanida yuz berdi.
Mavzuga oid
20:11 / 10.11.2024
Rossiya Kursk oblastiga hujum uchun 50 ming kishilik qo‘shin to‘pladi - NYT
18:54 / 09.11.2024
Seul: Shimoliy Koreya GPS-signallarni uzib, kemalar va aviatsiyaga xalaqit bermoqda
13:49 / 09.11.2024
Rossiyaga o‘qish maqsadida rekord darajada KXDR fuqarolari kirib keldi
11:17 / 07.11.2024