O‘zbekiston | 01:03 / 06.10.2017
31990
13 daqiqa o‘qiladi

Senat majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan qaror qabul qildi

Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini va xalqaro shartnomalarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, biror-bir shaklda bolalar mehnati va majburiy mehnatni keltirib chiqaradigan holatlarning oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslikka doir chora-tadbirlarni kuchaytirish, shuningdek mazkur sohadagi ishlar holati va olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida keng jahon hamjamiyati e'tiboriga ishonchli axborot yetkazib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati

Q A R O R  Q I L A D I :

1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida bolalar mehnati va majburiy mehnat, biror-bir jazo qo‘llanishi bilan tahdid qilib, shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi sifatida ish bajarishga majburlash taqiqlanishini belgilashdan iborat fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlanganligi qayd etilsin.

2. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari hamda mansabdor shaxslari bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘l qo‘yganligi uchun shaxsan javobgar ekanliklari haqida qat'iy ogohlantirilsin.

3. Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash, shu jumladan biror-bir shaklda bolalar mehnati va majburiy mehnatni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining va xalqaro shartnomalarining normalari bajarilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati choralarini kuchaytirish zarur, deb hisoblansin.

4. Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi (S.B.Artikova), Bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (T.K.Narbayeva) bilan hamkorlikda:

  • fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga, shu jumladan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslikka doir O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, shuningdek 2017-2020 yillarda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha Mamlakat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlar so‘zsiz bajarilishini tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar majmuini qabul qilsin;
  • davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan parlament hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatsin;
  • O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash maqsadida parlament va jamoatchilik nazoratining barcha shakllaridan foydalansin;
  • mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etilishi hamda ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta'minlash dasturi o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslarining mas'uliyatini oshirish masalalari bo‘yicha ishlar olib borilishini ta'minlasin;
  • fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini va xalqaro shartnomalarini bajarish yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi masalasi doimiy ravishda ko‘rib chiqilishini ta'minlasin;
  • fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir qonun hujjatlarining ijrosi sohasidagi muammolar va kamchiliklar joylarda o‘rganilishini tashkil etsin;
  • amaldagi qonun hujjatlarining inventarizatsiyasini o‘tkazsin, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, shu jumladan xalqaro mehnat standartlarini implementatsiya va ratifikatsiya qilish orqali takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqsin;
  • fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini amalga oshirish borasida erishilgan ijobiy natijalarning barqarorligini ta'minlash bo‘yicha joylarda keng tushuntirish ishlarini olib borsin.

Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi (S.B.Artikova) bir oy muddatda Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tasdig‘iga kiritsin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalarni 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzish tavsiya etilsin.

Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar:

  • joylarda fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini, shu jumladan XMTning ratifikatsiya qilingan konvensiyalari doirasidagi mehnat huquqlarini ta'minlashga doir keng tushuntirish ishlarini olib borsin;
  • fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga, shu jumladan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslikka doir qonun hujjatlarini amalga oshirishga oid joylardagi muammolarni va kamchiliklarni o‘rganib borsin;
  • davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlariga rioya etilishini ta'minlash maqsadida deputatlik hamda jamoatchilik nazoratining barcha shakllaridan foydalansin;
  • davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlari buzilayotganligi haqidagi ma'lumotni yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar uchun belgilangan tartibda ta'sir choralarini qo‘llash uchun bandlik va mehnat munosabatlarining hududiy organlariga va prokuratura organlariga kiritib borsin;
  • olib borilayotgan ishlarning natijalari bo‘yicha axborotni, shuningdek qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflarni Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasiga doimiy ravishda taqdim etib borsin.

6. Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi (S.B.Artikova) fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini va xalqaro shartnomalarini bajarish yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi axborotni muntazam ravishda (bir yilda kamida bir marta) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisi muhokamasiga kiritib borsin.

Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalari davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishiga doir axborotni muntazam ravishda (bir yilda kamida bir marta) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari muhokamasiga kiritib borsin.

7. Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi (S.B.Artikova) olib borilayotgan ishlar natijalari bo‘yicha qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har yili axborot tayyorlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga (A.X.Komilov) qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi materiallarni BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatib borish tavsiya etilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (A.X.Komilov) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi (A.A.Kurmanov) hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi (A.J.Jalilov, kelishuvga ko‘ra) bilan hamkorlikda fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash borasida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risidagi axborotni chet eldagi konsullik muassasalari orqali jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar e'tiboriga yetkazish yuzasidan ta'sirchan chora-tadbirlarni ko‘rsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash bo‘yicha Tadbirlar majmui 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov):

  • qishloq xo‘jaligi samaradorligi va rentabelligini, uni mexanizatsiyalash darajasini oshirish maqsadida, shu jumladan paxta hosilini mashinada terish hajmini ko‘paytirishda, shuningdek mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarini o‘tkazishda bozor mexanizmlarini, innovatsiyalarni, fan yutuqlarini va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
  • joriy agrotexnologiyalar qo‘llanishini yaxshilash hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, mexanizatsiyalangan terimga tayyorligini ta'minlaydigan hamda mexanizatsiyalanganlikdan maksimal samara beradigan g‘o‘za navlarining seleksiyasini rivojlantirish;
  • oziq-ovqat mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish maqsadida agrar sektorda amaldagi quvvatlarni modernizatsiyalash;
  • to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni, chet el kredit liniyalarini hamda texnik ko‘mak mablag‘larini jalb qilish maqsadida agrar sektor va uning mahsuloti o‘zgartirilishini va diversifikatsiyalanishini hisobga olgan holda respublika qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
  • jalb etiladigan mavsumiy ishchilarni iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirishning turli usullarini ishlab chiqish, bu sohadagi mehnat munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ko‘rsin.

11. Nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga:

  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar hamda fermer xo‘jaliklari fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir xalqaro huquq normalariga hamda milliy qonun hujjatlariga rioya etayotganligi ustidan jamoatchilik nazoratini joriy etishga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish;
  • mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga daxldor bo‘lgan shaxslarga nisbatan jamoatchilikning ta'sir choralarini qo‘llagan hamda ularni javobgarlikka tortish to‘g‘risida vakolatli organlarga takliflar kiritgan holda aholi o‘rtasida keng axborot-tushuntirish ishlarini olib borish va aholi bilan qayta aloqa mexanizmlarini joriy etish tavsiya qilinsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga (A.X.Saidov) ijtimoiy sheriklik doirasida munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar ajratish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish tavsiya etilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi (I.B.Abdullayev) fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga, shu jumladan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslikka doir O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ijrosi ustidan qat'iy nazorat olib borilishini ta'minlasin, bunda mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarini va boshqa jamoat ishlarini o‘tkazishda amaldagi qonun hujjatlari normalariga rioya etilishiga alohida e'tibor qaratsin.

14. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N.T.Yo‘ldoshev zimmasiga yuklatilsin.

15. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy

Majlisi Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev

Toshkent shahri,

2017 yil 4 oktabr

Mavzuga oid