O‘zbekiston | 23:08 / 07.10.2017
120154
17 daqiqa o‘qiladi

Paxta-2017: Dalalardan daraklar - majburiy mehnat davom etayaptimi yoki odamlar nega paxta termayapti?

Foto: KUN.UZ

Oktyabr oyining boshida kunlarning keskin sovub ketganligi paxta yig‘im-terimi mavsumiga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmasdan qo‘ymadi. Albatta, bunday sharoitda dalalarda hali terilishini kutib yotgan mo‘l hosilning taqdiri kishini tashvishga solmasdan qo‘ymaydi.

21 sentabr kuni Bosh vazir A.Aripovning byudjyet sohasi xodimlari, ayniqsa o‘qituvchilar va shifokorlar, oliy o‘quv yurtlari talabalarining paxtaga yig‘im terimiga chiqarishni to‘xtatish haqidagi qarori e'lon qilingach, ulardan boshqa turli soha vakillarini paxta yig‘im terimiga jalb qilish holatlari ko‘paydi.

Jumladan, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sh.Atabayev tomonidan 26 sentabr kuni imzolangan, faks orqali qabul qilingan xat suratlari tarqaldi. Unga ko‘ra, tijorat banklari boshqaruvi raislari va Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari boshliqlaridan 2017 yil paxta hosilini yig‘ib terib olinishiga ko‘maklashish maqsadida bankning har bir hududiy filiallarida ishlayotgan har bir xodim 5 nafardan terimchi paxta yig‘im-terimiga jalb etilishini tashkil qilishi so‘ralgan.

Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyat faollari bilan paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda paxta mavsumi yuzasidan viloyat aholisiga murojaat qilar ekan, byudjyet sohasi xodimlari va talabalarni paxtaga majburiy chiqarish jinoyat ekanligini alohida ta'kidlab o‘tdi. Bundan avval ham Xalqaro press-klubda bir qator viloyatlar hokimlari paxta yig‘im terimida majburiy mehnatdan foydalanmasliklari e'lon qilingan edi.

Ayrim joylarda o‘qituvchilar va shifokorlar paxtaga chiqarilmayotgan bo‘lishsa-da, ulardan terimchilar uchun pul yig‘ish kabi holatlar yuz bermoqda. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Senati qabul qilgan qarorda «davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlariga rioya etilishini ta'minlash maqsadida deputatlik hamda jamoatchilik  nazoratining barcha shakllaridan foydalansin», deb ta'kidlangan. Shu jihatdan mustaqil KUN.UZ tahririyati o‘z zimmasidagi mas'uliyatni bajarmoqda. Qolaversa, o‘z dardini yozib tahririyatimizga murojaat qilgan o‘quvchilarimizning xitoblari javobsiz qolib ketishini istamadik.

Tahririyatimizning «qayta aloqa» bo‘limiga yo‘llanayotgan xatlar (adolat yuzasidan aytish kerakki, quyida berilayotgan xatlar bosh vazirning selektor yig‘ilishdan so‘ng yig‘ila boshlangan edi) ayrim joylardagi vaziyat bosh vazir va viloyat hokimlari va aholi xohlayotganidek emasligini ko‘rsatmoqda. O‘qituvchi va shifokorlar hamon paxtada. Faqat endi ular «o‘z ixtiyori» bilan «mahalla tomonidan» chiqishmoqda. Hatto talabalarni ham turli ko‘rinishda paxtaga qayta jalb qilish boshlangan. Keling, ularning ayrimlariga e'tibor qaratsak.

«Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Radivon qishlog‘idagi 52-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabida xar bir o‘qituvchidan paxtaga deb odam topish yoki pul mablag‘i 200 ming so‘mdan to 350 ming so‘mgacha pul mablag‘i yig‘ilmoqda. Ularni «pul berasan yoki o‘zing borib paxta terasan, yoki ishdan bo‘shaysan», degan po‘pisalar bilan qo‘rqitilmoqda».

* * *

«Qashqadaryoda byudjyet xodimlari mahalla vakili nomi ostida qaytadan paxta yig‘imiga qaytarilmoqda».

* * *

Hurmatli Kun.uz tahririyati. Oxirgi bir haftada paxta siyosati bo‘yicha mamlakatimizda byudjyet xodimlari uchun chiqarilgan qarorlarni o‘qib juda ham quvondik. Lekin ayrim «mansabdor shaxslar» borki, o‘z qo‘li ostidagilarga, bu qarordan keyin ham paxtaga chiqarmasa ham, pul so‘ramoqda. Samarqand tumanidagi tibbiyot xodimlari bu masala bo‘yicha qanday harakatlanishiga yordam bersangiz».

* * *

«Hukumatimiz paxtadan hammani qaytargan bir paytda nega Sirdaryo viloyat tibbiyot xodimlari yotoqdan qaytmayapti yoki Sirdaryoga paxta majburiymi? Javob uchun rahmat».

* * *

«Andijonda majburiy mehnat davom ettirilmoqda. Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining ko‘plab ishchilari paxta dalasida. Yurtimizda kasbiga qarab ajratiladimi? Hamma teng huquqli emasmi? O‘zbekistonga elektr energiya kerak emasmi? Paxtadan qaytarilganlar o‘rnini to‘ldirish uchun boshqa kasb egalaridan terimchilar soni oshirilmoqda. Paxta normasini bajarmaganlar ishdan haydalishi bilan po‘pisa qilinmoqda? Jurnalistlar bu holni o‘z vaqtida yoritishi kerak-ku?!»

* * *

«Mehnatlaringizni yuksak qadrlayman. Men maktablarda yangicha paxta terimga yondashuvni yozmoqchiman. O‘zim o‘qituvchiman. Yangi qarordan xursand edim, ammo u uzoqqa cho‘zilmadi. Endi mahallada 5 ta ayolni topib, maktab ularga kuniga 25.000 so‘mdan pul to‘lab, Qozoqovul (Markaziy Farg‘ona) ga 15 kunga jo‘natishi kerak ekan. 15*25000*5=1.875.000 so‘m bo‘ladi. Albatta, bu pul maktab jamoasi cho‘ntagidan to‘lanadi. Bunisi mayliku-ya, lekin u ayollar borib yo paxta teradi, yo termaydi, shunisi alam qiladi. Ana sizga yangicha tashabbus. Boshqa joylarda nima gaplar?»

* * *

«Andijon shahrida joylashgan 20-sonli maktab o‘quvchilarining ota-onasi paxtaga 40 ming so‘mdan pul topshirishga ëki kunlik paxtaga majburlanmoqda. Pul bermagan yoki paxtaga chiqmagan o‘quvchilarni darsdan chetlatishmoqda yoki sinfdoshlarining orasida izza qilishmoqda. Maktabga yosh, iqtidorli o‘qituvchilarni ishga qabul qilishmaydi. Hamma o‘qituvchilar nafaqa yoshida. Ta'lim darajasi ham ortda qolmoqda. Portalga yozsangiz, aybdorni topib, chora ko‘rishning o‘rniga, yozgan odamni diqqat qiladi. Hokimga chiqsangiz, ketingizga tepadi».

* * *

«Assalomu alaykum Kun.uz ijodkorlari. Men Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida istiqomat qilaman, tadbirkorman. Bulung‘ur tumanida hamma fermer va tadbirkorlarni paxta terimiga majburlab olib ketishayapti. Ya'ni, Bulung‘ur tumani davlat soliq inspeksiyasi va hokimlik tomonidan bosim o‘tkazishayapti. Eng alam qiladigan tarafi — hujjati bor tadbirkorlargina bunga majburlanayapti, ko‘cha-ko‘yda hujjatsiz savdo bilan shug‘ullanayotganlarni paxta terimiga olib borishmayapti, chunki ular davlatga soliq to‘lashmaydi-da! Bizning aybimiz hujjat qilib, qonuniy yo‘l bilan ishlayotganimizdami? Iltimos, shu masala bilan tanishib chiqsangizlar. Ismim sir bo‘lib qolishini xohlar edim».

* * *

«Majburiy mehnatni yo‘qotamiz deb nega yana o‘qituvchilar haftasiga 4 kun paxtaga chiqarilyapti shunga oydinlik kiritsangiz».

* * *

«Assalomu alaykum. Men Olmaliq shahrida istiqomat qilaman, turmush o‘rtog‘im Olmaliq tibbiyot kollejida o‘qituvchi lavozimida ishlaydi. Kuni-kecha kollej ma'muriyati ob-havo sovishi munosabati bilan paxta yig‘im-terimi uchun kollej xodimlaridan 140.000 (bir yuz qirq ming) so‘mdan pul yig‘ishni talab qilishibdi. Aytishlaricha, bu shahar hokimligining buyrug‘i bo‘lib, HOMIYLIK YoRDAMI ko‘rinishida yig‘ilishi lozim ekan. Albatta, bu masala o‘rganilsa kollej ma'muriyati ham «hokimlik» ham bu haqida hech-qanday gap so‘z bo‘lmagan, deb rad etishlari aniq. Sizlardan iltimos, ushbu yig‘di-yig‘dilarni to‘xtatishga yordam beringlar. Oylik ish haqlarini 100% plastik kartochkaga o‘tkazishib, yana naqd pul yig‘ib olishadi. Mayli, bu endi boshqa masala. Arizachini oshkor etmaysizlar, degan umiddaman».

* * *

«Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Mahmudovich Egamberdiyev 5 oktabr kuni tumandagi maktab direktorlari va maktab yoshlar yetakchilari bilan yig‘ilish o‘tkazdi va hamma maktab yetakchilari hamda ikkitadan o‘qituvchi bilan, tumandagi 29 maktabga 25 kunlik yotoq bilan paxtaga jo‘natdi. Nahot davlat rahbarlari tarafdan o‘qituvchilarni paxtadan ozod qilinganligi unga ta'sir qilmagan bo‘lsa?!»

So‘nggi xat e'tiborimizni alohida tortdi. Chunki Nosirjon Egamberdiyev avgust oyida mustaqillik bayramiga kelmagan maktab direktorlarni kaltaklagani bilan mashhur bo‘lgan edi. Endi esa hukumat qaroriga qarshi borib, o‘qituvchilarni paxtaga terishga majburlash shug‘ullanmoqda.

Tahririyatimizga Qarshi shahrida joylashgan «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi U.Amanov imzolagan buyruq ham kelib tushdi. Unga ko‘ra aksiyadorlik jamiyatining xodimlari Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida paxta yig‘im-terimiga jalb qilinishi nazarda tutilgan. Shtab tuzilgan, safarbarlik uchun jamiyatga bo‘ysunuvchi korxonalardan xodimlar va transport ajratilgan.

Samarqandda ba'zi oliygoh talabalari ham Yoshlar ittifoqining fidoyi yoshlar otryadi sifatida qaytadan paxtaga jalb qilinayotgani haqida ham xabarlar kelib turibdi. Yigitlar — yotoqqa, qiz bolalar — kunlik terimga. 1 million so‘m daromad qilish uchun iqtisodiyotga 2 million so‘mlik zarar yetkazish «hadisi»ni olgan ayrim tuman hokimlari hamon eskicha usulda ishlab, tumandagi markaziy bozor va do‘konlarni berkitishi, to‘ylarni taqiqlayotgani hollari ham uchramoqda.

Xorazmdagi tumanlardan birida yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘ining fuqarolarga 1 tonna paxta terib bermasa, tomorqa maydoni davlat ixtiyoriga qaytarib olinishi haqida po‘pisa qilingani haqidagi xat ham ijtimoiy tarmoqlarda aylanmoqda.

Albatta, paxta terimi borasida faqat salbiy xatlar emas, uni tezroq, nes-nobud qilmasdan yig‘ib terib olish uchun murojaatlar ham kelmoqda:

“Sizlarga shuni yozib ma'lum qilamanki, men Norboyev Hayotjon Samarqand viloyat Narpay tumani Islomobod mahallasida istiqomat qilaman. Hozirgi vaqtda paxta yig‘im terimi boshlangan beri mahallamizda istiqomat qiluvchi 18 yoshdan 30 gacha bo‘lgan ko‘ngilli va uyushmagan yoshlar bilan tashabbus ko‘rsatib Yosh paxtakorlar guruhi tuzganmiz. Guruhimiz boshida 15 nafardan iborat edi, hozirga kelib safimizga kelib qo‘shilish davom etmoqda. Kuniga o‘rta hisobda bir kishi 53–55 kg paxta termoqda. Hamma sharoit yaxshi, ertalab mahallamiz binosi oldiga yig‘ilamiz va boshqa ko‘ngilli mahalla faollari bilan paxta dalalariga ketamiz. Bizda eng yaxshi terimchilardan Saidov Farhod — 26 yosh, Avazova Zuhra — 24 yosh, Yusupova Tursunoy — 27 yosh, Toshtemirov Bektosh — 20 yosh, o‘z faolliklarini ko‘rsatib, boshqalarga ibrat bo‘lmoqda. Sizlarga ushbu xatni yo‘llashimdan maqsad — bizni guruhimizni targ‘ib qilishda amaliy yordam berishlaringizni so‘rayman. Bunda davlatimiz ham qolaversa boshqa mahallalardagi yoshlar ham foyda kuradi. Birinchidan, uyushmagan yoshlarni vaqti mazmunli o‘tadi va vaqtincha ish bilan ta'minlanadi. Ikkinchidan, har bir yosh o‘rta hisobda 50 kg paxta tersa 1 kg paxta 500 so‘mdan 25000 so‘m ishlab olish imkoniyati bo‘ladi”.

Yoki Qoraqalpog‘istondan kelgan ushbu xatga, pozitiv chorlovga e'tibor bering. Aslida har bir fermer ishni mana shu tarzda tashkil etishi kerak emasmi?

«Hurmatli fuqarolar!

Sizni, 2017 yil paxta yig‘im-terim mavsumida ishtirok etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumaniga mavsumlik ishga taklif etamiz. Terimchilarga har bir terilgan bir kilogramm paxta uchun 500 so‘mdan to‘lanadi.

Kun davomida 100 kilogrammdan ortiq paxta tergan terimchilarga qo‘shimcha esdalik sovg‘alar berilishiga, yotoq joy va ikki martalik issiq ovqat bilan ta'minlanishiga kafolat beramiz.

Bundan tashqari, boshqa qo‘shni shahar va tumanlardan kelib, terimda ishtirok etishni xohlovchilarga, Qonliko‘l tumaniga kelib-ketish transport xarajatlarini o‘zimiz to‘laymiz.

Agar, Siz davlatimiz xirmoniga o‘z ulushingizni qo‘shishga va daromad topishni istasangiz: quyidagi telefon raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz: telefon 0(361) 332-13-06

Qoraqalpog‘istonlik fermer akamizning chorlovidan farg‘onalik mutasaddilar xabar topib, noto‘g‘ri tushunishgan shekilli, ortidan bu tarzda shikoyat keldi:

«Assalomu alaykum, hurmatli jurnalistlar. Men Farg‘ona viloyati Beshariq tumani maktablaridan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Mana shu xatni yozishimdan biroz oldin direktor va direktor o‘rinbosari uyimizga kelib, ertadan uzoq Qoraqalpog‘iston Respublikasiga paxta yig‘im-terimi uchun safarbar etilganlar qatorida ekanligimni, jami 20 ta odam ekanligimizni aytib (taxminimcha har bir maktabdan 20 ta odam), ertalab soat 9 da hokimlik oldiga yig‘ilishimizni aytib ketishdi. O‘tirib o‘ylanib qoldim, kuni-kecha Senatning «dabdabali» qarori kim uchun chiqarildi-yu, 2 kun o‘tib hali men shu paytgacha ko‘rmagan (shu paytgacha bunaqasi bo‘lmagan) harbiy safarbarlikka o‘xshash majburiy mehnat kimlar uchun? Yoki bu qarorni ayrimlar shu tarzda xalq sinovidan o‘tkazishmoqchimi? Iltimos, shu mavzuga qiziqib ko‘ringlar. Mana, majburiy mehnat ham yo‘q bo‘layapti, o‘zgarayapmiz, deb sevinib turgandim, ustimdan muzdek suv quyib ketishgandek bo‘ldi. Na kulishni, na yig‘lashni, degan iborani endi tushunib yetdim».

Paydo bo‘lgan vaziyat juda mushkul. Paxta dalalarimizda bor. Uni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan, uvol qilmasdan yig‘ib olish kerak. Majburiy mehnat, to‘g‘ri, yomon illat. Lekin aholi o‘rtasida ham kengroq targ‘ibot ishlari olib borish kerakka o‘xshaydi. Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan mavsumiy qishloq xo‘jaligi va boshqa jamoat ishlarini o‘tkazishga doir axborot kampaniyasi samarali o‘tkazilmaganligi, ishlarning past saviyada tashkil etilganligi, tashkilotlar va muassasalar, fermer xo‘jaliklari hamda dehqon xo‘jaliklari rahbarlarining qonun hujjatlarini bilmasligi majburiy mehnatning oldini  olish  va  unga  yo‘l  qo‘ymaslikka  jiddiy  xalaqit  bermoqda.

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi fermerlardan biri shunday deydi:

«Shahardan yordamchilar jalb qilinmay qo‘yilganidan so‘ng, mahalliy aholiga 500 so‘mdan paxta pulini kunlik to‘lab, boz ustiga, ularga o‘z hisobimdan tushlikda tekin issiq ovqat tayyorlab, terimga jalb qilishni yo‘lga qo‘ydim. 70 foiz terimchilar tushlikkacha 20 kilogramm paxta terib, tekin issiq ovqatni yeb, uyiga ketib yuborishayapti. Dardimni kimga aytishni bilmayman. Axir tersa pulini oladi-ku shular?»

Masalaning bu yog‘i ham bor-da. Chunki mo‘l hosil yetishtirilgan. Fermerlar qo‘lidan kelganini qilishdi, uni o‘z vaqtida yig‘ib terib olishda hamma bir yoqadan bosh chiqarishi ham kerak. Lekin bu ishlar ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Senati tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarorda ham  «majburiy mehnatni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining va xalqaro shartnomalarining normalari bajarilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati choralarini kuchaytirish zarur»ligi alohida ta'kidlangan. Tahririyat barcha mutasaddilarni namunali targ‘ibot kampaniyasini olib borishga chaqirib, noxolis ma'lumotlarni tarqatishdan yiroqda ekanini bildiradi.

Biz bu mavzuda yana chiqishlar qilamiz. Saytimizning elektron pochtasi info@kun.uz yoki «Aloqa» bo‘limimizga joylardagi vaziyat bo‘yicha xabarlar qabul qilishda, uni yoritishda davom etamiz.

KUN.UZ tahririyati

Mavzuga oid