Jamiyat | 17:44 / 21.10.2017
43901
5 daqiqa o‘qiladi

Mardikor bozorlari nega ko‘payishda davom etmoqda?

"XXI asrga kelib ham noqonuniy mehnat bozorlari tugatilmagan. Bu bozorlarning paydo bo‘lishi uzoq tarixga borib taqaladi va maqsadi - ishchi kuchini arzon yoki tekinga ekspluatatsiya qilish. Noqonuniy mehnat bozorlarini geografik jihatdan ikki turga bo‘lish mumkin: tashqi va mahalliy mehnat bozorlari", deb yozadi Mirzo Subhonov o‘zining blog-saytida.

Tashqi bozorlarga migrantlarimiz ishlashga borayotgan Rossiya, Janubiy Koreya, AQSh, Qozog‘iston va boshqa davlatlardagi noqonuniy mehnat bozorlari misol bo‘la oladi. Bu noqonuniy bozorlarning faoliyat olib borishi, davlatlarning tashqi arzon ishchi kuchiga ehtiyojmand ekanligi va ko‘p hollarda mahalliy aholining past ish haqi evaziga ishlashdan bosh tortayotganligidir.

Mahalliy noqonuniy mehnat bozorlariga - bizga tanish, ammo biz befarq bo‘lgan o‘sha «mardikor bozorlar» kiradi.

Mardikor bozorlardagi yollanma ishchilar – mardikorlar, ijtimoiy himoyalanmagan va og‘ir ish sharoitlarida ishlashga majbur. Ularga qonun bilan kafolatlangan mehnat sharoitlari yaratilmagan.

Mahalliy mardikor bozorlarni tugatishga nima xalaqit bermoqda?

Bozordagi yollanma ishchilar asosan qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida faoliyat olib boradi va bu ish faoliyati asosan vaqtinchalik bandlik bilan bog‘liq. Ishchilarni noqonuniy yollayotgan aybdor shaxslar javobgarlikka tortilmayotganligi sababli bu bozorlar tugatilish o‘rniga yanada rivojlanmoqda. Ishchilarda esa tanlash imkoniyati afsuski mavjud emas.

Mardikor bozorlarni tugatish mumkinmi?

Bozor iqtisodiyoti sharoitida noqonuniy mehnat bozorlari faoliyatini tugatish bo‘yicha «autsorsing» (ing. out sourcing – «tashqi resurs») tushunchasi kiritilgan.

Autsorsing – tashki mehnat resurslaridan vaqtinchalik foydalanish.

Autsorsing xizmatini maxsus tuzilgan shirkatlar amalga oshiradi. Ishchilar o‘z navbatida bu korxonada vaqtinchalik emas balki doimiy ishga olinadi. Shirkatlar shartnoma asosida boshqa subektlariga vaqtinchalik yoki doimiy xizmat ko‘rsatadi.

Masalan:

Fermer xo‘jaligiga besh kunga chopiq uchun 50 ta ishchi kuchi kerak. Besh kun uchun fermer doimiy ravishda 50 kishini ishga ololmaydi, vaqtinchalik ishga shartnoma orqali qonuniy ishchi olish esa vaqt va boshqa qo‘shimcha resurslarni talab qiladi. Shuning uchun fermer noqonuniy ravishda vaqtincha 50 odam yollashga majbur.

Autsorsing sharoitida bu 50 kishini maxsus shirkat fermerga yetkazib beradi va besh kundan so‘ng bu ishchilar boshqa ishga yo‘naltiriladi. Autsorsingning afzalligi ishchilar mustaqil ish izlamaydi va bo‘sh turmaydi.

Bu tizim Isroilda keng qo‘llaniladi. Autsorsing shirkatlarini Isroilda «koax adam» deb atashadi. Bu shirkatlar odamlarni doimiy ishga yollaydi, malakasini oshiradi va kerak bo‘lsa yangi kasbga yo‘naltiradi. «Koax adam» shirkatlari bo‘yicha hattoki alohida qonun qabul qilingan. Ishchilar uchun bu o‘z navbatida qonuniy himoya, munosib mehnat sharoiti, tibbiy ta'minot va kelajakda munosib nafaqadir.

O‘zbekiston sharoitida Mehnat vazirligi tizimida bandlikka ko‘maklashish bo‘yicha shirkatlar tashkil etish kerak. Bu shirkatlar ijtimoiy maqsadni nazarda tutganligi uchun soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan ozod etilishi kerak. Shirkatlar mahallalar bilan yakindan hamkorlik qilishi va odamlarni tashish uchun transport bilan ta'minlanishi zarur. Xorijdan kaytmoqchi bo‘lgan mehnat migrantlari uchun ham yangi ish o‘rinlari tashkil bo‘ladi.

Parallel ravishda ishchilarni noqonuniy yollash bo‘yicha javobgarlikni ham kuchaytirish kerak.

Bandlikka ko‘maklashish shirkatlariga ehtiyoj birinchi navbatda mavsumiy paxta yig‘im-terimi paytida sezilmoqda.

Band odamlarni paxta dalalariga safarbar qilish o‘rniga, oldindan rejalashtirilgan holda bo‘sh mehnat resurslarini jalb qilish maqsadga muvofiq.

Paxta yig‘im-terimi davom etayotgan bir paytda ham mardikor bozorlar to‘la odam.

 

Mavzuga oid