Jahon | 17:00 / 29.10.2017
47429
6 daqiqa o‘qiladi

Zulmatdagi ish. KXDRdan xavotirli xabarlar

O‘tgan haftada butun Shimoliy Koreya bo‘ylab elektr toki o‘chirildi va aholini evakuatsiya qilish ishlari mashq qilindi. North Korea News nashri Shimoliy Koreyada bunday mashg‘ulotlar oxirgi marta 2003 yilda o‘tkazilgani, bu mashg‘ulotlar mamlakatning urushga tayyorgarlik ko‘rayotganini anglatuvchi signal ekani haqida yozdi.

Harbiy holat davriga xos harakatlar Pxenyanda o‘tkazilmagan. Mashg‘ulotlar asosan sharqiy qirg‘oqdagi shaharlarga taalluqli bo‘lgan.

Mashg‘ulotlarda yorug‘lik maskirovkasi rejimi qo‘llangan. Bunda potensial raqibni mo‘ljaldan og‘dirish maqsadida butun boshli aholi punktlarida chiroqlar o‘chirib qo‘yilgan.

KXDRning kosmosdan ko‘rinishi / Reuters / © NASA

Bu mashg‘ulotlar Seulga Pentagon rahbari Jyeyms Mettisning kelishi fonida o‘tkazilgani e'tiborni tortdi. Shuningdek, noyabr oyida Janubiy Koreyaga AQSh prezidenti Donald Tramp kelishi kutilmoqda. Uning tashrifi davomida Koreya yarimoroliga amerikaliklarning strategik qurollari joylashtirilishi masalasi muhokama qilishi kutilmoqda.

«Men hech qachon Shimoliy Koreyada bunday ko‘lamdagi mashg‘ulotlar o‘tkazilgani haqida eshitmagandim. Ular vaziyat qanchalik jiddiyligini tushunishlari kerak», — deya janubiy koreyalik zobitning so‘zlarini keltirgan Daily Mail.

Bunday ko‘lamdagi mashg‘ulotlar oxirgi marta 14 yil muqaddam, Kim Chen Ir boshqaruvi vaqtida o‘tkazilgandi. O‘shanda KXDRda havo hujumiga tayyorgarlik ko‘rilgandi.

Amerikalik mehmonlar

Jyeyms Mettis va Son Yon Mu / Reuters

27 oktabr, juma kuni AQSh Mudofaa vaziri Jyeyms Mettis Janubiy Koreyaga keldi, 7-8 noyabr kuni Seulda Qo‘shma shtatlar prezidenti Donald Tramp tashrifi kutilmoqda.

Muzokaralar chog‘ida Mettis AQSh va Janubiy Koreya alyansi yarimoroldagi vaziyatni barqarorlashtirishni maqsad qilgani haqida gapirdi. Bundan tashqari, ikki davlat Mudofaa vazirlari xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazishdi va yakundagi qo‘shma bayonotda Vashington yaqin vaqt ichida Janubiy Koreya hududiga strategik qurollarini joylashtirishni rejalashtirgani haqida ma'lum qilindi.

Mettis AQSh hech qachon Shimoliy Koreyani yadroviy derjava sifatida tan olmasligini ta'kidladi. Pentagon rahbari yangi yadroviy sinovlar faqatgina KXDR xavfsizligiga tahdid solishi haqida qo‘shimcha qildi.

«Shimolning atom bombasi va qit'alararo harakatlanuvchi raketalarni yaratish yo‘lidagi harakatlari faqat uning xavfsizligi darajasini pasaytiradi», — deya ma'lum qilgandi Mettis.

Keyinroq Mettis Janubiy Koreya prezidenti Mun Jye In bilan muzokaralar o‘tkazdi, ular Koreya yarimorolidagi inqirozni diplomatik yo‘l bilan hal qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

«Ular Shimoliy Koreyaga bosim o‘tkazishda xalqaro hamjamiyat diplomatik hamkorlik qilishi zarurligini ta'kidlashdi. Kim Chen In rejimi harakatlari izolyatsiyani kuchaytiradi xolos», — deyilgan Pentagon matbuot xizmati xabarida.

Koreya yarimorolidagi urushning ilk kunlari yuz minglab odamlar halok bo‘lishi mumkin

Yangi bosqich

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya jahon hamjamiyati tomonidan bosim o‘tkazilayotganiga qaramasdan, o‘zining raketa va yadroviy dasturini davom ettirmoqda. Pxenyan 3 sentabrda vodorodli jangovar kallakni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini ma'lum qilgandi. Yaponiya va Janubiy Koreya harbiylarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, bu zaryadning kuchi 160 kilotonnani tashkil qilgan. Bu esa 1945 yilda Hirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombalaridan 10 marta kuchliroqdir. 

Tokio texnologiya instituti professori Tetsuo Savada KXDR yadro qurolini sinovlarsiz, ilmiy-texnik rivojlantirish darajasiga chiqqani haqida gapirmoqda.

«Shimoliy Koreya o‘z texnologiyalarini tinimsiz rivojlantirib bormoqda va yangi bosqichga chiqqan. Mening baholarimga ko‘ra, ular endi o‘z ishlanmalarini tekshirish uchun sinov o‘tkazishi shart emas, uni portlatmasdan ham tekshira olishadi», — deya ekspertning so‘zlarini keltirgan TASS.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shimolliklarning oxirgi, oltinchi sinovi (sentabr oyi boshida) juda muvaffaqiyatli chiqqan.

Nufuzli mutaxassislar uning zaryadi kuchini 250 kilotonnaga baholashmoqda, bu klassik atom bomba emas, vodorod bombasi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

Savada 1998 yilda Hindiston va Pokiston yadroviy sinovlar seriyasini o‘tkazishganini eslab o‘tgan, keyin bu davlatlar sinovlar o‘tkazishni to‘xtatib, yangi texnologik bosqichga o‘tishgandi. Shu bilan birga mutaxassis Pxenyan Tinch okeani ustida, ochiq sharoitda yangi yadroviy portlashlarni amalga oshirishi mumkinligini istisno etmayapti.

AQSh prezidenti Donald Trampning noyabr oyida Janubiy Koreyaga amalga oshiradigan tashrifi vaqtida Koreya yarim oroliga THAAD tizimlari joylashtirilishi masalasi muhokama etilishi kutilmoqda. Rossiya va Xitoy bu rejaga qarshi turibdi, ular mintaqadagi kuch balansi buzilishidan xavotirga tushishgan. Bundan tashqari, Oq uy xo‘jayini ikki davlat chegarasiga, harbiylardan xoli hududga borishi mumkin.

«Shimoliy Koreya raketalari NATO va Yevropa davlatlarigacha yetib bora oladi»

Mavzuga oid